Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Markaziy Osiyo

Oʻzbekiston jamoatchilik diplomatiyasi GPDNet tarmogʻining toʻlaqonli aʼzosiga aylandi

Oʻzbekistonning aʼzo boʻlish haqidagi arizasini Dohada oʻtkazilgan 11-Bosh assambleyada bir ovozdan qoʻllab-quvvatladilar. Tarmoq 29 mamlakatni birlashtiradi va jamoatchilik hamda madaniy diplomatiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantiradi.

9-noyabr, 16:28По-русски

Read in English

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktorining oʻrinbosari Valijon Xoshimov ishtirok etdi.

Mamlakatning tarmoqqa qoʻshilishi masalasi Oʻzbekistonning Qatardagi elchixonasi va Markazning birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli assambleya kun tartibiga kiritildi. GPDNet 2014-yilda tashkil etilgan boʻlib, 29 mamlakatni birlashtiradi hamda jamoatchilik va madaniy diplomatiya sohalaridagi hamkorlikka koʻmaklashadi.

Assambleyada Oʻzbekiston tomoni tashqi siyosat ustuvor yoʻnalishlari, jamoatchilik diplomatiyasi sohasidagi vazifalar, shuningdek, Markazning loyihalari va xalqaro tashabbuslarini taqdim etdi. Ishtirokchilar Markazning tarmoqqa aʼzo mamlakatlardagi sohaga ixtisoslashgan muassasalar bilan hamkorlik qilishi va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Toʻlaqonli aʼzolik Oʻzbekistonning xalqaro jamoatchilik diplomatiyasidagi ishtirokini kengaytirish, milliy tashabbuslarni ilgari surish va Markazning xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini mustahkamlash imkonini beradi.

Yana oʻqing