Teslaʼning Xitoydagi savdosi 66 foizga kamayib, 2022-yil iyulidan beri eng past darajaga tushdi
Tesla oktabr oyida Xitoyda 8 817 ta avtomobil sotdi. Shu bilan birga, Shanxaydagi zavoddan eksport yiliga nisbatan 66,3 foizga oshib, Tesla Chinaʼning oktabrdagi ulgurji yetkazib berishlari hajmining rekord darajadagi 87 foizini tashkil etdi.

Teslaʼning Xitoy bozoridagi savdosi 2026-yil oktabrida oʻtgan yilning shu oyiga nisbatan 66,1 foizga qisqardi, deb xabar bermoqda CarNewsChina Xitoy yengil avtomobillar assotsiatsiyasiga (CPCA) tayanib. Savdo yillik hisobda ketma-ket beshinchi oy kamaydi va 2022-yil iyulidan beri ilk bor 10 mingta avtomobildan pastga tushdi.
Teslaʼning Shanxaydagi zavodi 59 012 ta avtomobilni eksport qildi — bu bir yil avvalgidan 66,3 foizga koʻp. Tesla Chinaʼning mamlakat ichidagi savdo va eksportni oʻz ichiga olgan jami ulgurji yetkazib berishlari 10,3 foizga oshib, 67 829 ta avtomobilga yetdi.
Sentabr oyida Tesla Xitoyda 64 837 ta avtomobil sotgan va 30 529 tasini eksport qilgan. Sentabr bilan taqqoslaganda, oktabrda ichki savdo 86,4 foizga kamaygan, eksport esa 93,3 foizga oshgan. Eksportning ulgurji yetkazib berishlar hajmidagi avvalgi rekord ulushi 76 foiz boʻlib, u 2022-yil oktabrida qayd etilgan.
30-oktabr kuni Tesla Xitoyda Model 3 va Model Yʼning ayrim versiyalari uchun besh yillik 0 foizli kredit dasturini ishga tushirdi. Minimal boshlangʻich toʻlov 79 900 yuandan (taxminan 11 900 dollar) 39 900 yuangacha (taxminan 5 940 dollar) kamaytirildi. Taklif 30-noyabrgacha rasmiylashtirilgan buyurtmalarga amal qiladi. Xaridorlar muddat oxirida katta toʻlovni nazarda tutadigan yoki bunday toʻlovsiz sxemani tanlashi mumkin.
Orqa gʻildirakdan tortuvchi bazaviy Model 3 narxi 235 500 yuandan (taxminan 35 300 dollar), orqa gʻildirakdan tortuvchi Model Y narxi esa 263 500 yuandan (taxminan 39 500 dollar) boshlanadi. Aksiya shartlariga koʻra 30-noyabrgacha berilgan buyurtmalar uchun boshlangʻich narxlar tegishli ravishda 225 500 yuanga (taxminan 33 800 dollar) va 259 500 yuanga (taxminan 38 900 dollar) tushirilgan.
Yanvar–oktabr oylarida Tesla Xitoyda taxminan 390 mingta avtomobil sotdi — bu oʻtgan yilning shu davridagidan 15 foizga kam. Oʻn oy davomida eksport 101 foizga oshib, 421 mingta avtomobilga yetdi. Tesla Chinaʼning jami ulgurji yetkazib berishlari 811 mingta avtomobilni tashkil etib, yillik hisobda 21,4 foizga koʻpaydi.
Yana oʻqing

Nurafshondagi Kelajak texnologiyalari markazi kompaniyalari IT Park imtiyozlariga ega boʻladi
Iqtisodiyot15:08
Oʻzbekistonda inflyatsiya 6,5 foizgacha tezlashdi — oktabrda eng katta taʼsirni oziq-ovqat koʻrsatdi
Iqtisodiyot6-noyabr, 15:41
