AQSh va Eron bitimi umidlarida Brent $100 gacha arzonladi
Brent AQSh va Eron oʻrtasidagi kelishuv umidlarida barreliga $100,60 gacha tushdi. AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington hozircha Eronga zarba berishni rejalashtirmayotganini aytdi.

Chorshanba kuni AQSh sharqiy vaqti bilan soat 9:40 ga kelib Brent nefti barreliga $100,60 gacha, WTI esa $93,23 gacha arzonladi. Har ikkala benchmark avval koʻtarildi, biroq oʻzgaruvchan savdolar davomida keyin pasayish tomon burildi. Brent uchun bu ketma-ket uchinchi pasayish boʻldi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonning Eronga zudlik bilan zarba berish rejasi yoʻqligini aytdi. Shu bilan birga, u «ogʻir zarba» berish ehtimolini ham istisno qilmadi. AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens avvalroq tomonlar muayyan siljishga erishganini bildirgan edi.
Eron rasmiysining aytishicha, AQSh Tehron talablarini bajarsa, Eron ikki kun ichida Hormuz boʻgʻozini ochishi mumkin. Shartlar qatorida neft sanksiyalarini bekor qilish va muzlatilgan aktivlarni blokdan chiqarish bor. Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi ham boʻgʻoz janubidagi tankerlarga mina toʻsiqlari yordamida hujum qilib, ularni yoʻq qilganini maʼlum qildi, biroq bu daʼvo mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.
AQShdagi siyosiy kutilmalar ham bozorga taʼsir koʻrsatdi. Demokratlar Kongressning har ikki palatasida koʻpchilikni qoʻlga kiritdi. Tahlilchilarning fikricha, bu urushni moliyalashtirishni cheklashi mumkin. Kongressning yangi tarkibi 3-yanvardan ish boshlaydi, shu sababli maʼmuriyatning harakat qilishi uchun qariyb ikki oy vaqt qoladi.
JPMorgan oktabr oyida jahon neft bozoridagi ortiqcha taklifni kuniga 1,4 mln barrel deb baholadi. Bank hisob-kitobiga koʻra, Yaqin Sharq mamlakatlaridan eksport mart oyidagi minimumdan keyin kuniga taxminan 20,7 mln barrelgacha tiklandi. AQShdagi xom neft zaxiralari 5,27 mln barrelga kamaygani haqidagi Amerika neft instituti maʼlumotlariga qaramay, savdolar ham davom etdi. Rasmiy statistikani EIA keyinroq eʼlon qilishi kutilmoqda.
Yana oʻqing

Teslaʼning Xitoydagi savdosi 66 foizga kamayib, 2022-yil iyulidan beri eng past darajaga tushdi
Iqtisodiyot15:15
Nurafshondagi Kelajak texnologiyalari markazi kompaniyalari IT Park imtiyozlariga ega boʻladi
Iqtisodiyot15:08
