Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

Buzib kirilgan Claude Code kengaytmasi 5 minggacha ishlab chiquvchini «zararladi»

Open VSX kengaytmalar katalogi va Cursor muharriri doʻkonida Claude Codeʼning soxta versiyasi paydo boʻldi. Bu Anthropic ishlab chiqqan mashhur kengaytma boʻlib, u orqali sunʼiy intellekt yordamchisi kodni toʻgʻridan-toʻgʻri muharrirda yozadi. 2.1.313-versiya zararlangan.

31-oktabr, 16:44По-русски

Read in English

U kompyuterga yashirincha «orqa eshik» oʻrnatgan. Bu orqali hujumchilar tizimga masofadan ulanishi mumkin edi. macOS, Linux va Windows foydalanuvchilari xavf ostida qolgan.

Muammoni birinchi boʻlib Phorion kompaniyasining kiberxavfsizlik mutaxassislari payqadi. Ular kompaniyalarga xodimlarida ushbu versiya oʻrnatilgan-oʻrnatilmaganini zudlik bilan tekshirishni, agar oʻrnatilgan boʻlsa, qurilma buzib kirilgan deb hisoblashni tavsiya qilmoqda.

Soxta versiya Microsoft Visual Studio Marketplace rasmiy doʻkoniga kirmagan. Hozir uning oʻrniga toza 2.1.314-versiya joylashtirilgan. Biroq yangilash allaqachon zararlangan kompyuterlarni tiklamaydi: «orqa eshik» ularda saqlanib qoladi va uni alohida oʻchirish kerak.

Cursor hodisani tasdiqladi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, 5 minggacha foydalanuvchi zarar koʻrgan va ularning har biri bilan alohida bogʻlaniladi. Zararli dastur kompyuter hamda uning egasi haqidagi maʼlumotlarni — foydalanuvchi nomi, operatsion tizim, Gitʼga bogʻlangan elektron pochta manzili, IP-manzil va boshqa maʼlumotlarni — toʻplagan. Keyin u hujumchilarga doimiy masofaviy kirish imkonini ochishga uringan va uni taxminan har daqiqada qayta tiklagan. Ammo koddagi xatolar sababli bu odatda ish bermagan. Cursor administrator huquqlari bilan ishga tushirilgan holatlar bundan mustasno boʻlgan.

Bunga javoban Cursor zararlangan versiyani oʻchirib tashladi, kengaytmalar doʻkonini vaqtincha oʻchirib qoʻydi, qolgan kengaytmalarni tekshirdi — ularga zarar yetmagan —, kirish kalitlarini almashtirdi va hujumchilarning serveri oʻchirib qoʻyilishiga erishdi.

Cursorʼning taʼkidlashicha, zararli versiyani Anthropic yaratmagan. Biroq u kompaniyaning tasdiqlangan akkaunti orqali yuklangan. Katta ehtimol bilan, bu taʼminot zanjiriga qilingan hujum: xakerlar rasmiy ishlab chiquvchi yangilanishlarni chiqaradigan kanalga kirish imkonini qoʻlga kiritgan. Manba maʼlumotlariga koʻra, Anthropic foydalanuvchilarni hodisa haqida ogohlantirmagan, zararlangan versiyani esa indamasdan oʻchirgan.

Yana oʻqing