Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekistonda inflyatsiya 6,5 foizgacha tezlashdi — oktabrda eng katta taʼsirni oziq-ovqat koʻrsatdi

Bir oyda isteʼmol narxlari 0,6 foizga, yil boshidan buyon esa 4,8 foizga oshdi. Oktabrda narxlar oʻsishining qariyb uchdan ikki qismini oziq-ovqat mahsulotlari taʼminladi

6-noyabr, 15:41По-русски

Read in English

Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 2026-yil oktabr yakunlariga koʻra 6,5 foizni tashkil etdi. Sentabrda bu koʻrsatkich 6,4 foiz boʻlgan. Shu bilan birga, inflyatsiya oʻtgan yil oktabridagi 7,8 foizlik darajadan past boʻlib qoldi.

Oktabr oyida isteʼmol narxlari 0,6 foizga oshdi. Asosiy hissani oziq-ovqat mahsulotlari va alkogolsiz ichimliklar qoʻshdi: ularning narxi 1 foizga qimmatlashib, umumiy indeksning oylik oʻsishining qariyb 63 foizini taʼminladi.

Meva va sabzavotlarni hisobga olmaganda, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng koʻp tuxum qimmatlashdi — bir oyda 5,2 foizga. Yillik hisobda qoʻy goʻshti narxi 19,5 foizga, suyaksiz mol goʻshti narxi esa 17,1 foizga oshdi. Aksincha, oktabrda shakar 2,2 foizga arzonlashdi.

Bir yil ichida xizmatlar 7,3 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari esa 5,6 foizga qimmatlashdi. Toshkentda yillik inflyatsiya 7,4 foizga yetib, hududlar orasidagi eng yuqori koʻrsatkichni qayd etdi. Eng past koʻrsatkich Sirdaryo viloyatida kuzatildi — 5,5 foiz.

Yil boshidan buyon narxlarning umumiy oʻsishi 4,8 foizni tashkil etdi.

Oktabrdagi 6,5 foizlik koʻrsatkich soʻnggi 12 oy ichida narxlar qanday oʻzgarganini aks ettiradi. Uni Markaziy bank prognozidan farqlash kerak: bank avvalroq 2026-yil oxiridagi kutilayotgan inflyatsiya darajasini 7 foizgacha oshirgan edi.

Yana oʻqing