Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Markaziy Osiyo

Qozogʻiston Bosh vaziri Kaspiyda harbiy xizmatchilar halok boʻlishi sabablarini izohladi

Olжas Bektenov Mangʻistov viloyatida 14 nafar harbiy xizmatchi halok boʻlganidan soʻng mashgʻulotlar ustidan nazoratdagi kamchiliklar haqida maʼlum qildi. Mudofaa vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bunga ob-havoning keskin yomonlashuvi sabab boʻlgan.

4-noyabr, 15:56По-русски

Read in English

Qozogʻistonda hukumat tekshiruvi harbiy mashgʻulotlar ustidan nazoratni tashkil etish, xatarlarni baholash va tezkor choralar koʻrishga tayyorgarlik jarayonida qoidabuzarliklar boʻlganini aniqladi, deya maʼlum qildi Bosh vazir Olжas Bektenov. Tekshiruv Kaspiy dengizida harbiy xizmatchilar halok boʻlganidan keyin oʻtkazildi.

Bektenovning soʻzlariga koʻra, Mudofaa vazirligida xavfli omillar yetarlicha hisobga olinmagan. Shuningdek, xavfsizlik talablariga rioya etilishi va mashgʻulotlarning xavfli bosqichlarini toʻxtatish haqida oʻz vaqtida qaror qabul qilinishi ustidan lozim darajada nazorat boʻlmagan.

Hodisadan soʻng Qozogʻiston Qurolli kuchlarida manevrlarni havodan kuzatish uchun uchuvchisiz tizimlardan foydalanila boshlandi. Ayrim boʻlinmalarda harbiy xizmatchilarga ularning joylashuvini aniqlaydigan va fiziologik holatini kuzatib boradigan shaxsiy qurilmalar berilmoqda. Kuch tuzilmalari Kazgidromet bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi va ob-havoda kutilayotgan oʻzgarishlar haqidagi maʼlumotlarni olmoqda.

Joriy yil sentabrida Mangʻistov viloyatida oʻtkazilgan mashgʻulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchi halok boʻldi. Mudofaa vazirligi maʼlumotlariga koʻra, ob-havoning keskin yomonlashuvi va kuchli shamol oʻquv-jangovar topshiriqni bajarish vaqtida harbiy xizmatchilar guruhini dengizga olib ketgan.

Fojia ortidan Mudofaa vazirligi rahbariyati almashtirildi va jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Harbiy-dengiz kuchlarining sobiq bosh qoʻmondoni, uning sobiq oʻrinbosari — Harbiy-dengiz kuchlari shtabi boshligʻi, shuningdek, boshqa mansabdor shaxslar hibsga olindi.

Qozogʻiston hukumati Qurolli kuchlar islohoti haqida ham eʼlon qildi. Islohot muddatli harbiy xizmatning ikki bosqichli modeliga oʻtishni nazarda tutadi. Mudofaa vazirligi jangovar harakatlarni modellashtirish uchun simulyatorlarni ham joriy etishni rejalashtirmoqda. Vazirlik hisoblashicha, bu harbiy xizmatchilar tayyorgarligi sifatini oshiradi va mashgʻulotlar xarajatlarini kamaytiradi.

Yana oʻqing