Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Markaziy Osiyo

Oʻzbekistondagi davlat koʻmagidagi yirik investitsiya loyihalarida mahalliy elektrotexnika mahsulotlaridan foydalanish majburiy boʻladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat koʻmagidagi qiymati 10 mln dollardan yuqori investitsiya loyihalariga mahalliy mahsulotlardan foydalanish talablarini tatbiq etishni topshirdi.

9-noyabr, 19:19По-русски
t.me — Пресс-служба Президента Республики Узбекистан

Yangi qoidalar soliq va boshqa imtiyozlar oladigan yoki arzon davlat resurslaridan foydalanish imkoniga ega loyihalarga taalluqli boʻladi. Hozirda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirilayotgan energetika loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 25 foizni, kabel mahsulotlari ulushi esa 70 foizni tashkil etishi kerak. Shunga oʻxshash talablarni davlat koʻmagidagi boshqa yirik investitsiya loyihalari uchun ham joriy etish rejalashtirilmoqda.

9 noyabr kuni boʻlib oʻtgan uchrashuvda podstansiyalar, transformatorlar, elektr shkaflari va yuqori kuchlanishli kabellar ishlab chiqaruvchilarining energetika qurilishidagi ishtiroki ham muhokama qilindi. Bunday kompaniyalar uskunalarni yetkazib berishi va ularni montaj qilishi mumkin, biroq «Shaffof qurilish» platformasi orqali ariza topshirishda ularga odatiy bino qurilishiga moʻljallangan talablar qoʻllanadi.

Prezidentning baholashicha, amaldagi qoidalarda energetika obyektlarining texnologik oʻziga xosliklari hisobga olinmagan va ixtisoslashgan pudratchilar uchun qoʻshimcha qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Shu sababli bir oy ichida tizimda energetika loyihalari uchun alohida maydoncha yaratish, pudratchilarga qoʻyiladigan talablarni esa elektrotexnika uskunalarini qurish va montaj qilishga moslashtirish topshirildi.

Bu mahalliy korxonalarga yirik investitsiya loyihalarida faolroq ishtirok etish, uskunalarni mustaqil ravishda yetkazib berish va montaj ishlarini bajarish imkonini berishi kutilmoqda.

Yana oʻqing