Izmirdagi zavoddagi portlashdan soʻng halok boʻlganlar soni 17 nafarga yetdi
Turkiyaning Izmir viloyatidagi HABAŞ metallurgiya zavodida 17 ishchi halok boʻldi. Portlash 9 noyabr kuni taʼmirlash ishlari vaqtida yuz berdi. Ertasi kuni prokuratura korxona rahbarlari ham boʻlgan 11 kishini qoʻlga olishni buyurdi.

Portlash tushga yaqin Aliağa tumanidagi zavodda yuz bergan. Rasmiylarning dastlabki maʼlumotlariga koʻra, qozonni almashtirish vaqtida koʻprikli kran qulab tushgan. Portlashdan keyin yongʻin boshlangan va u oʻchirilgan.
Dastlabki xabarlarda olti kishi halok boʻlgani aytilgan. Keyinroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon 16 qurbon haqida maʼlum qildi. Turkiyaning DHA agentligi yangilagan maʼlumotlarga koʻra, 17 kishi halok boʻlgan, yana 14 kishi jarohatlangan.
Aliağa prokuraturasi hodisa tafsilotlarini tergov qilmoqda. Prokuratura qoʻlga olishni buyurganlar orasida zavod direktori, texnik xizmat koʻrsatish uchun masʼul xodimlar va HABAŞ direktorlar kengashi raisi bor.



