Seshanba, 10-noyabr 2026-yil
Markaziy Osiyo

Oʻzbekiston zaxiralari oktabr oyida qariyb 3 mlrd dollarga qisqardi

1-noyabr holatiga zaxiralar 63,6 mlrd dollargacha kamaydi — bu yil boshidan beri eng past koʻrsatkich. Qisqarishning asosiy qismi oltinga toʻgʻri keldi: uning qiymati 2,04 mlrd dollarga pasaygan boʻlsa-da, fizik zaxira 454,1 tonnagacha oshdi.

10-noyabr, 16:00По-русски

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari oktabr oyida 2,96 mlrd dollarga yoki 4,5 foizga kamaydi.

Zaxiralardagi oltin qiymati 3,4 foizga pasayib, 58,04 mlrd dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, uning fizik hajmi qariyb 14,6 mln troya unsiyasigacha oshdi. Oktabr oyida oltin bir unsiyasi 200 dollardan koʻproqqa arzonlab, taxminan 4 188 dollardan 3 981 dollargacha tushdi.

Zaxiralarning valyuta qismi bir oy ichida 921 mln dollarga yoki 15,5 foizga qisqarib, 5,01 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu statistika eʼlon qilina boshlaganidan beri qayd etilgan eng past koʻrsatkichdir. Naqd valyuta va depozitlar hajmi 8,9 foizga kamayib, 3,86 mlrd dollarga tushdi. Taxminan 1,07 mlrd dollar XVJ va boshqa mamlakatlar markaziy banklaridagi mablagʻlarga, yana 2,78 mlrd dollar esa xorijiy tijorat banklaridagi depozitlarga toʻgʻri keldi.

Xorijiy qimmatli qogʻozlar qiymati 32 foizga kamayib, 1,148 mlrd dollarni tashkil etdi. Ularning jami zaxiralardagi ulushi 2,54 foizdan 1,8 foizgacha qisqardi. XVJdagi maxsus qarz olish huquqlari hajmi 1,6 mln dollarga kamayib, dollar ekvivalentida 569,2 mln dollarni tashkil etdi.

Yana oʻqing