Nvidia rahbari xiyonatini tan oldi, kengash mustaqil tekshiruv boshladi
Jensen Huang xotiniga xiyonat qilganini tan oldi. Bu uning Xitoy josusi deb gumon qilingan ayol bilan aloqasi haqidagi xabarlar ortidan yuz berdi. Nvidia kengashi mustaqil tekshiruv boshladi.

Nvidia direktorlar kengashi kompaniya asoschisi va rahbari Jensen Huang xorijiy razvedka nishoniga aylangan boʻlishi mumkinligi haqidagi xabarlardan soʻng mustaqil tekshiruv boshlanganini eʼlon qildi. Huang xotiniga xiyonat qilganini tan olib, oilasi, xodimlari, direktorlar kengashi, hamkorlari va aksiyadorlaridan uzr soʻradi.
Uning aytishicha, Huang tekshiruvni qoʻllab-quvvatlaydi va u bilan toʻliq hamkorlik qiladi. Direktorlar kengashi hozircha Nvidia sirlari yoki milliy xavfsizlik bilan bogʻliq nozik maʼlumotlar oshkor qilingan deb hisoblash uchun asos koʻrmayotganini, biroq mavjud barcha maʼlumotlarni tekshirishini bildirdi.
Huang bilan aloqada boʻlgan ayol qator nashrlarda Xitoy josusi deb gumon qilingan shaxs sifatida tilga olindi. Xitoy hukumati bu voqeaga aloqadorligini inkor etib, ayblovlarni tuhmat deb atadi.
Huangning Nvidiaʼdagi ulushi bilan bogʻliq boyligi oʻtgan haftaning boshida 171 mlrd dollardan oshgan edi. Payshanbaga kelib u 150,9 mlrd dollargacha kamaydi, juma kuni esa qisman tiklanib, 154,9 mlrd dollarga yetdi. Soʻnggi bir oyda Nvidia aksiyalari 18,6 foizga arzonladi.
Tekshiruv fonida AQSh prezidenti Donald Trump Huangni vijdonli inson deb bilishini va u kompaniyaga rahbarlik qilishda davom etishini kutayotganini aytdi. Direktorlar kengashi ham Huang va uning rahbariyat jamoasiga ishonch bildirdi. Biroq Yel menejment maktabi professori Jeffrey Sonnenfeld Nvidia rahbarining isteʼfoga chiqish ehtimolini 50 ga 50 deb baholadi, Kalshi prognoz bozori esa bu ehtimolni 27 iyulgacha 25 foiz deb koʻrsatdi.



