«Toshkent» birjasi UCI indeksini uchta yangi koʻrsatkich bilan almashtirdi
10-noyabrdan boshlab «Toshkent» fond birjasi Uzbekistan Prime Index oilasiga kiruvchi uchta indeksga oʻtdi. Ular avval Oʻzbekiston fond bozorining asosiy indikatori boʻlib xizmat qilgan UCI indeksining oʻrnini egalladi. Yangi indekslarda aksiyalarni tanlashning umumiy qoidalari qoʻllanadi, biroq aksiyalarning yakuniy koʻrsatkichga qoʻshgan hissasi turlicha hisobga olinadi.

UPI indeksida har bir kompaniyaning ulushi uning toʻliq bozor kapitallashuviga bogʻliq. UPI FF indeksida esa faqat erkin muomaladagi aksiyalar qiymati hisobga olinadi. UPI EW indeksida har choraklik qayta koʻrib chiqish chogʻida barcha aksiyalarga teng ulush beriladi.
Indekslar tarkibiga kirish uchun kompaniya soʻnggi eʼlon qilingan yillik hisobotida ijobiy moliyaviy natija koʻrsatgan boʻlishi kerak. Uning aksiyalarining kamida 5 foizi erkin muomalada boʻlishi lozim. Birja, shuningdek, qimmatli qogʻozlarning kotirovka roʻyxatida boʻlgan muddatini, savdo faolligi va likvidligini ham hisobga oladi.
Birja uchala indeks boʻyicha maʼlumotlarni ilgari UCI qiymatlarini olgan Bloombergʻga taqdim etadi. Refinitiv va Cbonds ham yangi koʻrsatkichlarga qiziqish bildirgan. Indekslarni hisoblash metodikasi birjada investitsiya fondlarini (ETF) tashkil etish uchun asos boʻlishi mumkin.
Shu bilan birga, birja uch bosqichda ishga tushirishni rejalashtirayotgan Umetryx platformasini ishlab chiqmoqda. Unda real vaqt rejimidagi savdo maʼlumotlari, kompaniyalarning moliyaviy koʻrsatkichlari, aksiyalar narxlari tarixi, obligatsiyalar haqidagi maʼlumotlar va qimmatli qogʻozlarni tahlil qilish vositalari mavjud boʻladi.



