Mask SpaceXʼning Anthropic bilan kelishuvdan tushadigan daromadi kamayishi mumkinligini aytdi
SpaceX va Anthropic hisoblash quvvatlarini ijaraga berish boʻyicha shartnomani boshqa tomonni 90 kun oldindan ogohlantirgan holda bekor qilishi mumkin. Ilon Maskning aytishicha, agar sunʼiy intellekt uchun quvvatlar yanada qulay va arzon boʻlsa, bu shart Anthropic foydasiga ishlashi mumkin.

Mask venchur investori Chamat Palihapitiyaning All-In podkastida aytgan fikriga javob berdi. Investor hisoblash quvvatlari tanqis boʻlgan taqdirda SpaceX kelishuvdan chiqib, Anthropicʼga hozirgi narxdan ikki-uch baravar qimmatroq yangi shartnoma taklif qilishi mumkinligini taxmin qildi.
Maskning soʻzlariga koʻra, buning aksi ham yuz berishi mumkin. Agar hisoblash resurslari taklifi oshib, narxlar pasaysa, SpaceX daromadining bir qismini yoʻqotishi xavfi bor. Anthropic allaqachon Amazon, Google va Microsoft bilan hisoblash quvvatlari boʻyicha kelishuvlarga ega. Bu quvvatlarni ishga tushirish uning SpaceX bilan muzokaralardagi mavqeini kuchaytirishi mumkin.
Teslarati xabariga koʻra, SpaceX kelishuv shartlarini may oyida IPO hujjatlarida oshkor qilgan. Anthropic Colossus klasterlarining ajratilgan quvvatlari uchun 2029-yil mayigacha oyiga 1,25 mlrd dollar toʻlash majburiyatini olgan. Shartnoma muddat oxirigacha bajarilsa, toʻlovlarning umumiy summasi qariyb 45 mlrd dollarni tashkil etadi. SpaceXʼning Google va Reflection AI bilan kelishuvlarida ham shartnomani bekor qilish boʻyicha shunga oʻxshash shartlar nazarda tutilgan.
Palihapitiyaning ssenariysi ayrim shtatlar rasmiylari maʼlumotlar markazlari uchun soliq imtiyozlarini qisqartirishi va yangi obyektlar qurilishini sekinlashtirishi mumkin, degan taxminga asoslangan. Texasda gubernator etib saylangan Jina Inohosa yangi maʼlumotlar markazlari uchun ruxsatnomalar berishga moratoriy joriy etish tarafdori boʻlgan. Deutsche Bank tahlilchilari SpaceXʼning shtatdagi hisoblash quvvatlarini kengaytirishi kechikishi mumkinligidan ogohlantirdi.



