Seshanba, 10-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

BYD kabelni elektromobilga oʻzi ulaydigan zaryadlash stansiyasini namoyish etdi

BAAda oʻtkazilgan namoyishda zaryadlash quvvati 1000 kVtga yetdi. Robotlashtirilgan qoʻl zaryadlash portini topadi, uning qopqogʻini ochadi va zaryadlash tugagach, kabelni uzadi.

10-noyabr, 15:17По-русски

Xitoyning BYD kompaniyasi BAAda Flash Charger robotlashtirilgan tizimini namoyish etdi. Manipulyator zaryadlash portini topish va kabelni haydovchi ishtirokisiz ulash uchun kameralar hamda kuch datchiklaridan foydalanadi. Tizim xorijiy bozorlarda qoʻllanadigan bir nechta ulagich standartlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

BYD stansiyaning avtomatik parkovka bilan birga qanday ishlashini ham koʻrsatdi. Mos keladigan avtomobil joyiga oʻzi kiradi, shundan soʻng robot uni zaryadlash qurilmasiga ulaydi. Buning uchun haydovchining mashinadan tushishi shart emas.

Zaryadlash uskunasidan tashqari, stansiya quyosh panellari va energiya akkumulyatorini ham oʻz ichiga oladi. Panellar elektr energiyasi ishlab chiqaradi, energiya akkumulyatori esa yuklamani boshqarishga yordam beradi. Bunday robotlashtirilgan stansiyalar haydovchilar uchun qachon mavjud boʻlishi haqida kompaniya hozircha maʼlum qilmadi.

Mart oyida BYD Blade Battery akkumulyatorlarining ikkinchi avlodini va bitta zaryadlash ulagichiga 1500 kVtgacha quvvat beradigan zaryadlash tizimini taqdim etdi. Ishlab chiqaruvchining bayonotiga koʻra, mos sharoitlarda akkumulyatorni 10 foizdan 70 foizgacha besh daqiqada, 10 foizdan 97 foizgacha esa toʻqqiz daqiqada zaryadlash mumkin. Bu koʻrsatkichlar mart oyida taqdim etilgan texnologiyaga taalluqli.

Yana oʻqing