Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari iqlimiy mobillik boʻyicha deklaratsiyani imzoladi
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning yetti mamlakati vakillari Oʻzbekiston tashabbusi bilan COP31 doirasida iqlim oʻzgarishi sharoitida aholi mobilligiga oid «Ipak yoʻli» deklaratsiyasini imzoladi.

Marosim BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha 31-konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston pavilonida boʻlib oʻtdi. Unda Ozarbayjon, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish hamkorlari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston nomidan prezidentning ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi boʻyicha milliy qoʻmita raisi Aziz Abduhakimov qatnashdi. Hujjat milliy ustuvor yoʻnalishlarni hisobga olgan holda mintaqaviy muloqotni va iqlim sababli migratsiya, zaif jamoalarni himoya qilish hamda iqlim oʻzgarishi oqibatlariga javob qaytarish boʻyicha birgalikdagi yondashuvlarni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Ishtirokchilar haroratning koʻtarilishi, muzliklarning erishi, suv tanqisligi, choʻllanish, yerlarning degradatsiyasi va ekstremal ob-havo hodisalari aholi daromadlari hamda migratsiya jarayonlariga qanday taʼsir koʻrsatayotganini muhokama qildi. Abduhakimov barqaror tirikchilik manbalariga investitsiya kiritish, suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, ekotizimlarni tiklash va ijtimoiy himoyani rivojlantirish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, u Orol dengizidagi ekologik halokatning mintaqa aholisi salomatligi, daromadlari va turmush sharoitiga taʼsirini misol qilib keltirdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida taqdim etilgan iqlimiy mobillik sohasida xalqaro hamkorlikning Global doiraviy asosini yaratish tashabbusi ham koʻrib chiqildi. Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, mintaqaviy deklaratsiya ushbu tashabbusni ilgari surishga yordam berishi mumkin.



