Chorshanba, 11-noyabr 2026-yil
Markaziy Osiyo

Oʻzbekiston prezidenti Antaliyadagi Jahon iqlim sammiti ochilishida qatnashdi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev COP31 doirasida oʻtayotgan Antaliyadagi Jahon iqlim sammiti ochilishida qatnashdi.

11-noyabr, 18:16По-русски

Read in English

president.uz — Фото: president.uz

Marosimda xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda moliya institutlari rahbarlari ham ishtirok etdi. Ochilishdan soʻng delegatsiyalar rahbarlari birgalikda suratga tushdi.

Sammit «Barqaror, turgʻun va adolatli kelajak sari» shiori ostida oʻtmoqda. Ishtirokchilar Parij kelishuvini amalga oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish, iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish va iqlimni moliyalashtirishni kengaytirish masalalarini koʻrib chiqmoqda.

COP31 Antaliyada 9–20 noyabr kunlari oʻtkazilmoqda. Konferensiyada davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ishbilarmon va ilmiy doiralar, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari qatnashmoqda. Kun tartibidagi mavzulardan biri «yashil» iqtisodiyotga oʻtishni jadallashtirishdir.

Sammit doirasida «Markaziy Osiyoning iqlimga chidamli landshaftlari» (CLiCA) mintaqaviy dasturi ishga tushirildi. Uni Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston xalqaro hamkorlar koʻmagida ishlab chiqdi. Dastur yetti yilga moʻljallangan, moliyalashtirishning umumiy hajmi 264,4 million yevroni tashkil etadi. Ushbu mablagʻning 103,7 million yevrosi Oʻzbekiston uchun ajratilgan.

Mablagʻlar oʻrmonlar va yaylovlarni tiklash, iqlimga chidamli qishloq xoʻjaligi usullarini joriy etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda qishloq aholisining iqlim oʻzgarishlariga moslashish imkoniyatlarini kengaytirishga yoʻnaltiriladi.

Oʻzbekiston 2035-yilgacha YaIM birligiga toʻgʻri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Mamlakat 1993-yilda BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasiga qoʻshilgan, 2018-yilda esa Parij kelishuvining ishtirokchisiga aylangan.