Chorshanba, 11-noyabr 2026-yil
Markaziy Osiyo

Markaziy Osiyoning Fors koʻrfazi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi 3,9 mlrd dollarga yetdi

2020–2025 yillarda Markaziy Osiyo va Fors koʻrfazi mamlakatlari oʻrtasidagi savdo qariyb toʻrt baravar oshdi. Tovar ayirboshlashning qariyb 85 foizi Oʻzbekiston va Turkmaniston hissasiga toʻgʻri keldi.

11-noyabr, 15:00По-русски

Read in English

Фото: Mariusz Bugno / Shutterstock

Yevrosiyo taraqqiyot banki (YTB) maʼlumotlariga koʻra, besh yil ichida tovar ayirboshlash hajmi 1 mlrd dollardan 3,9 mlrd dollargacha oshdi. Ikki mintaqa oʻrtasidagi savdoning qariyb 94 foizi Birlashgan Arab Amirliklari hissasiga toʻgʻri keldi. Tovar ayirboshlashning taxminan 70 foizini Fors koʻrfazi mamlakatlaridan Markaziy Osiyoga yetkazib berilgan mahsulotlar tashkil etdi.

YTB 2030 yilga borib tovar ayirboshlash salohiyatini 4,9 mlrd dollarga baholamoqda. Bu 2025 yil darajasidan taxminan chorak baravar yuqori. Bank bahosiga koʻra, ushbu salohiyatni roʻyobga chiqarishga transport yoʻnalishlarini rivojlantirish, tashish xarajatlarini kamaytirish hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida 2026 yil oktabrida kuchga kirgan erkin savdo bitimi yordam beradi.

Fors koʻrfazi mamlakatlarining Markaziy Osiyodagi jamgʻarilgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari 2020 yildagi 9,1 mlrd dollardan 2026 yil oʻrtalariga kelib 31,1 mlrd dollargacha oshdi. Eng koʻp investitsiyani Turkmaniston oldi — 14,4 mlrd dollar. Keyingi oʻrinlarda Oʻzbekiston — 11,3 mlrd dollar va Qozogʻiston — 5,3 mlrd dollar turadi. Eng yirik investor esa 20,6 mlrd dollar bilan Birlashgan Arab Amirliklari boʻldi.

Ushbu investitsiyalarda elektr energetikasining ulushi 2 foizdan 34 foizgacha oshdi, sohadagi investitsiyalar hajmi esa 10,5 mlrd dollarga yetdi. Asosiy oʻsishni, avvalo, Oʻzbekistondagi quyosh va shamol energetikasi loyihalari taʼminladi.