Chorshanba, 11-noyabr 2026-yil
Markaziy Osiyo

Toqayev qozoq tilidagi bahsli atamalarni qayta koʻrib chiqishni taklif qildi

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toqayev qozoq tilining rivojlanishi bilan bogʻliq bahsli masalalarni muhokama qilish uchun ishchi guruh tuzishni taklif qildi. U sunʼiy ravishda yaratilgan bir qator soʻzlarning zarurligiga shubha bildirdi va lugʻat tarkibini yangilashda meʼyorni saqlashga chaqirdi.

11-noyabr, 16:27По-русски

Read in English

upload.wikimedia.org — Wikimedia Commons

Xalqaro «Qazaq tili» jamiyatining X Qurultoyida soʻzga chiqqan Toqayev sakkizta misol keltirdi. Ular orasida pianino uchun «kúisandyq», balkon uchun «qıltıma», favvora uchun «suburqaқ», dush uchun «sebezgi», karam uchun «qırıqqabat», gazeta uchun «unqaǵaz», lift uchun «jedelsatı» va derazadagi kichik darcha uchun «jelkóz» soʻzlari bor.

Prezident, shuningdek, anʼanaviy qozoq diniy atamalarining arab tilidan kelib chiqqan soʻzlar bilan almashtirilishiga eʼtibor qaratdi. Uning fikricha, bunday oʻzgarishlar zarur yoki zarur emasligini oʻrganish kerak.

Ishchi guruh tarkibiga tilshunoslar, olimlar, ekspertlar va jamoatchilik vakillarini kiritish taklif etildi. Uning faoliyatini prezident maʼmuriyati muvofiqlashtiradi.

Toqayev, shuningdek, qozoq tilini BMTning asosiy rasmiy tillari bilan bogʻlaydigan zamonaviy ikki tilli va koʻp tilli lugʻatlar yaratish tarafdori boʻldi. U alohida ravishda qozoqcha-forscha lugʻatni ham tilga oldi.