Oʻzbekiston va Yashil iqlim jamgʻarmasi Orolboʻyiga yangi investitsiyalarni muhokama qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashil iqlim jamgʻarmasi ijrochi direktori Mafalda Duarte bilan Orolboʻyini tiklash va yashil shaharlarni rivojlantirishni moliyalashtirish masalasini muhokama qildi. Oʻzbekiston va jamgʻarmaning qoʻshma loyihalar portfeli allaqachon 200 mln dollardan oshdi.

Uchrashuv Mirziyoyevning Turkiyaga ishchi tashrifi doirasida Antalyada boʻlib oʻtdi. Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, tomonlar Oʻzbekistonda iqlim investitsiyalari dasturini tayyorlash hamda mamlakat moliya institutlarining jamgʻarma resurslaridan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishi masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida ular hamkorlikni davom ettirish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Mirziyoyev, shuningdek, iqlimga chidamli landshaftlarni yaratish boʻyicha mintaqaviy dasturning maʼqullanganini olqishladi. Dastur Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonni qamrab oladi. Dasturning umumiy qiymati 296 mln dollarni tashkil etadi, shundan 133,9 mln dollar jamgʻarma grantiga toʻgʻri keladi. Dastur oʻrmonlar va yaylovlarni tiklash, shuningdek, qurgʻoqchilik va suv tanqisligiga duch kelayotgan hududlarda qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi.



