Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi parlamentlari texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Tanzila Narbayeva va Cho Jeong-sik sunʼiy intellekt, raqamli iqtisodiyot hamda ilgʻor texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining Seulga tashrifi doirasida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi spikeri Cho Jeong-sik bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo hamkorlikni bundan buyon ham rivojlantirishga kelishib oldi.
Ishtirokchilar soʻnggi yillarda parlamentlararo aloqalar yangi bosqichga koʻtarilgani, delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari esa muntazam tus olganini qayd etdi. Parlamentlar rahbarlarining boʻlajak uchrashuvlari kun tartibiga yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilishni kiritish taklif qilindi.
Mintaqalararo hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, tomonlar mahalliy kengashlar deputatlarini parlamentlararo guruhlar faoliyatiga jalb etishni qoʻllab-quvvatladi.
Ustuvor yoʻnalishlar qatorida sunʼiy intellekt, kritik minerallar, raqamli iqtisodiyot va ilgʻor texnologiyalar sanab oʻtildi. Shuningdek, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va gumanitar sohalardagi hamkorlik haqida soʻz bordi.
2025-yil dekabr oyida Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda ushbu yigʻilish mintaqaviy muloqotni rivojlantirish uchun muhim platforma deb ataldi.
Yana oʻqing

Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari iqlimiy mobillik boʻyicha deklaratsiyani imzoladi
Markaziy Osiyo11-noyabr, 18:48
Oʻzbekiston mobil telefonlar importiga nol boj stavkasini kelishib oldi
Markaziy Osiyo11-noyabr, 18:45
