Payshanba, 12-noyabr 2026-yil
Markaziy Osiyo

Oʻzbekiston va Qozogʻiston yangi temiryoʻl liniyasida yuk poyezdlari qatnovini boshladi

Uzunligi 152 km boʻlgan magistral «Sirdaryo» stansiyasiga chiqish imkonini beradi va mintaqaning tranzit salohiyatini kengaytiradi

12-noyabr, 11:56По-русски
Photo by Wilhelm Gunkel on Unsplash

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida qurilayotgan «Darbaza – Maktaaral» temiryoʻl liniyasi orqali sinov tariqasida yuk tashish boshlandi. Oktabr oyida yangi yoʻnalish boʻylab Qozogʻiston koʻmiri ortilgan ilk sinov poyezdi harakatlandi. Qozogʻiston bosh vaziri Olzhas Bektenov «Samruk-Qazyna» jamgʻarmasi direktorlar kengashi yigʻilishida maʼlum qilganidek, liniyaning ochilishi ikki mamlakat oʻrtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam boʻladi, undan toʻliq foydalanishni boshlash esa 2026-yil dekabriga rejalashtirilgan.

Yangi magistral qurilishi 2023-yil noyabrida boshlangan. Uning asosiy qismining uzunligi qariyb 130 kilometrni, yoʻllarning umumiy uzunligi esa 152 kilometrni tashkil etadi. Ushbu tarmoqning ishga tushirilishi Oʻzbekistondagi «Sirdaryo» stansiyasiga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkonini beradi va ayni paytda ikki davlat oʻrtasidagi yuklarning asosiy qismi oʻtadigan «Sariagash – Toshkent» yoʻnalishidagi amaldagi uchastkaga tushadigan yuklamani sezilarli darajada kamaytiradi.

Oʻzbekiston uchun yangi temiryoʻl yoʻlagi Qozogʻiston bilan ikki tomonlama savdo doirasidagina emas, balki strategik ahamiyatga ega. Qoʻshimcha tarmoq Xitoy, Rossiya va Belarus yoʻnalishlarida yuk tashish uchun tranzit imkoniyatlarini kengaytiradi, shuningdek, mintaqa mamlakatlarini Eron va Yaqin Sharq davlatlari bilan bogʻlaydigan «Shimol – Janub» xalqaro transport koridorining istiqbolli boʻgʻiniga aylanadi.

Temiryoʻl infratuzilmasining rivojlantirilishi Ostona va Toshkent oʻrtasidagi transport yaqinlashuvining umumiy surʼatlarini toʻldiradi. Avvalroq tomonlar havo qatnovini ham bir necha baravar kengaytirishga kelishib olgan, natijada Olmaota, Ostona va Toshkent oʻrtasidagi har bir yoʻnalish boʻyicha parvozlar chastotasi haftasiga 60 ta reysgacha oshirilgan.