Payshanba, 12-noyabr 2026-yil
Markaziy Osiyo

Astanada «Samruk-Kazyna» va KTZ rahbarlari qoʻlga olindi

Qozogʻiston MXQsi 11 noyabr kuni «Samruk-Kazyna» boshqaruv raisi Nurlan Zhakupov va KTZ rahbari Yelzhas Otynshiyevni qoʻlga oldi. Ular korrupsiyaga oid jinoyatda gumon qilinmoqda.

12-noyabr, 14:49По-русски

Read in English

11 noyabr kuni Astanada Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasining Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati Zhakupov, Otynshiyev va boshqa shaxslarni qoʻlga oldi. Idora maʼlumotiga koʻra, ish holatlarini aniqlash uchun qoʻlga olingan shaxslarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.

MXQ Qozogʻiston Jinoyat-protsessual kodeksining 201-moddasiga ishora qilib, sudgacha boʻlgan tergov tafsilotlarini oshkor qilmadi. Gumon qilinayotganlarga qoʻyilayotgan aniq modda ham aytilmagan.

Qozogʻiston ijtimoiy tarmoqlarida Astanadagi markaziy turar joy majmuasi derazasidan tashlab yuborilgan, ichida dollar bogʻlamlari boʻlgan chamadonlar va sumkalar aks etgan videolar paydo boʻldi. Kadrlarda politsiya qurshoviga olgan hudud koʻrinadi. Bir nechta mahalliy OAV bu hodisani «Samruk-Kazyna» va KTZ rahbarlarining qoʻlga olinishi bilan bogʻladi, biroq MXQ bunday aloqani tasdiqlamadi.

Zhakupov «Samruk-Kazyna»ni 2025 yildan beri boshqaradi. Jamgʻarma Qozogʻistonning neft-gaz, transport-logistika va energetika sohalaridagi strategik aktivlarini boshqaradi.

Otynshiyev KTZga 2026 yil iyulidan beri rahbarlik qiladi. Kompaniya Qozogʻistonning magistral temir yoʻl tarmogʻini boshqaradi va 2026 yilda IPO oʻtkazishni rejalashtirmoqda. KTZning yagona aksiyadori — «Samruk-Kazyna».