Minor Hotels Oʻzbekistonda ilk NH mehmonxonasini ishga tushiradi
Minor Hotels EASYRENT PE bilan 151 xonali NH Hotel Tashkentni ochish boʻyicha kelishuv tuzdi. Mehmonxona 2027-yilning I choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

2026-yil 11-noyabr kuni Toshkentda Minor Hotels EASYRENT PE bilan franchayzing kelishuvini tuzganini eʼlon qildi. Taʼmirlash ishlari yakunlangach, NH Hotel Tashkent guruhning Oʻzbekiston, MDH davlatlari va Markaziy Osiyodagi ilk obyekti boʻladi.
Mehmonxona NH Hotels & Resorts brendi standartlariga moslashtiriladi. Uning xonalar fondidan standart xonalar, Deluxe toifasidagi xonalar va oilaviy lyukslar oʻrin oladi. Binoda restoran, trenajyor zali va muzokaralar xonasi ham boʻladi. Obyekt Toshkent aeroportidan mashinada taxminan 10 daqiqalik yoʻl uzoqlikda joylashgan.
Imzolash marosimida Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Minor Hotels vakillari, loyiha egasi, mehmonxonaning bosh menejeri va mahalliy hamkorlar qatnashdi.
Minor Hotels Europe & Americas bosh direktori Gonsalo Agilar Oʻzbekiston bozoriga kirishni guruhning Markaziy Osiyodagi ilk qadami deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, franchayzing mehmonxona brendlarining yangi bozorlarda rivojlanishiga yordam beradi.
NH Hotel Tashkent bosh menejeri Olesya Gilmeeva hamkorlik guruhning xalqaro tajribasini mahalliy bozor haqidagi bilimlar bilan birlashtirishini aytdi.
NH Hotels & Resorts brendi upscale segmentida faoliyat yuritadi va Minor Hotels portfeliga kiradi. Guruh 67 mamlakatda 640 dan ortiq mehmonxona va kurortni boshqaradi. Uning portfelidan NH bilan bir qatorda Anantara, Tivoli, NH Collection, nhow, Avani va Oaks brendlari ham oʻrin olgan.



