Qozogʻistonda qariyb 100 ming fuqaro bankrot deb topildi
Qozogʻistonda 98,6 ming kishi bankrot maqomini oldi. Ularning umumiy qarzi 373 mlrd tenge (qariyb 839 mln dollar)ni tashkil etdi.

Hozir Qozogʻistonda yana 23 195 fuqaro boʻyicha bankrotlik jarayoni davom etmoqda. Ularning umumiy qarzi 134,5 mlrd tenge (qariyb 302 mln dollar)ni tashkil etadi.
Jismoniy shaxslar uchun suddan tashqari va sud orqali bankrotlik tartiblari nazarda tutilgan. Bundan tashqari, fuqarolar toʻlov qobiliyatini tiklashi mumkin: barqaror daromadga ega boʻlganlar qarzlarini tasdiqlangan reja asosida toʻlaydi va bankrot maqomini olmaydi.
Suddan tashqari tartib davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan mol-mulkka ega boʻlmagan hamda qarzi qonun talablariga javob beradigan fuqarolar uchun moʻljallangan. Ariza eGov, eGov Mobile, eSalyq Azamat ilovasi yoki Davlat xizmatlari markazi orqali topshiriladi.
Sud orqali bankrotlik qarz qonunda belgilangan chegaradan oshib ketgan yoki qarzdorning mol-mulki boʻlgan hollarda qoʻllanadi. Moliyaviy boshqaruvchi aktivlar va soʻnggi uch yil ichidagi bitimlarni tekshiradi, kreditorlar bilan hamkorlik qiladi va zarurat tugʻilganda qarzni toʻlash uchun mol-mulkni sotishni tashkil etadi.
Toʻlov qobiliyatini tiklash jarayoni besh yilgacha davom etishi mumkin. Fuqaro bankrot deb topilganidan keyin besh yil davomida yangi kredit va mikrozaym ololmaydi, bankrotlik boʻyicha qayta murojaat qilish uchun esa yetti yil kutishi kerak boʻladi. Uch yil davomida uning moliyaviy holati monitoring qilinadi. Aliment va ayrim boshqa majburiyatlar bankrotlik jarayonida hisobdan chiqarilmaydi.



