Anthropic rahbari AI yordamida saratonni 10 yil ichida yengishga vaʼda berdi
Anthropic bosh direktori Dario Amodei AI 10 yildan kamroq vaqtda saraton, Alsgeymer, yurak-qon tomir va ruhiy kasalliklarni yengishga yordam berishi mumkinligini aytdi. Shifokorlar shubha qilmoqda.

Amodei sunʼiy intellekt biologik tadqiqotlar va dori vositalarini izlashni tezlashtiradi, deb hisoblaydi. Shunga oʻxshash prognozlarni Google DeepMind rahbari Demis Hassabis va Ilon Mask ham bildirgan. Biroq hozircha AI mustaqil ravishda dori vositalari yarata olishiga dalil yoʻq.
Texnologiya tarafdorlarining dalillaridan biri — Google DeepMindʼning AlphaFold tizimi. U aminokislotalar ketma-ketligiga qarab oqsillar va boshqa biologik molekulalarning uch oʻlchamli tuzilishini bashorat qiladi. Biroq AlphaFoldʼning muvaffaqiyati AI murakkab kasalliklarni davolash usulini ishlab chiqa olishini isbotlamaydi.
Vertex Pharmaceuticals rahbari Jeff Leyden kompaniya 10 000 ta birikmada qariyb 50 ta AI ishlanmasini sinab koʻrganini, ammo ularning hech biri mustaqil ravishda ishlaydigan dori yaratilishiga olib kelmaganini aytdi. Istiqbolli molekulani izlash — faqat boshlanishi: dori vositalari laboratoriyalarda, hayvonlarda va odamlar ishtirokidagi klinik sinovlarda tekshirilishi kerak. Odatda butun jarayon 10–12 yil davom etadi.
Tanqidchilarning fikricha, zamonaviy modellar biologiyadagi sabab-oqibat bogʻliqliklarini hali yetarlicha tushunmaydi. 2026-yil holatiga koʻra, AI yordamida ishlab chiqilgan birorta ham dori vositasi klinik qoʻllashgacha boʻlgan toʻliq yoʻlni bosib oʻtmagan.
Yana oʻqing

Dohada Oʻzbekistonning sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiya maqsadlari taqdim etildi
Texnologiyalar15:14
Insayder Samsung Galaxy S27 maketlarini taqdim etdi — ular POCOʻni eslatadi
Texnologiyalar14:10
