Navoiy viloyatida «Navoiyazot» uchun quyosh elektr stansiyasi qurildi
Navoiy viloyatida «Navoiyazot» uchun quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimi qurildi. Ishlab chiqarilgan energiya toʻgʻridan-toʻgʻri korxonaga yoʻnaltiriladi.

2026-yil 12-noyabr kuni Navoiy viloyatida «Navoiyazot» AJni qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan elektr energiyasi bilan taʼminlash loyihasi amalga oshirildi. Loyihani toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan Xitoyning «Sinoma» kompaniyasi amalga oshirdi. Loyihaning umumiy qiymati 220 mln AQSh dollarini tashkil etdi.
Obyekt tarkibiga quvvati 300 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda quvvati 75 MVt va sigʻimi 75 MVt·soat boʻlgan energiya saqlash tizimi kirdi. Stansiya korxonaga toʻgʻridan-toʻgʻri ulangan, shu sababli ishlab chiqarilayotgan yashil elektr energiyasi uning ehtiyojlariga yoʻnaltiriladi.
Obyekt yiliga 657 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu «Navoiyazot»ga yiliga qariyb 175 mln kub metr tabiiy gazni tejash va karbonat angidrid chiqindilarini 377,8 ming tonnaga qisqartirish imkonini beradi.
Energetika vaziri Sherzod Xoʻjayev stansiya va energiya saqlash tizimiga tashrif buyurib, ularning ishlashi hamda imkoniyatlari bilan tanishdi. Loyiha, shuningdek, sanoatda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, yirik korxonalar energiya taʼminotini diversifikatsiya qilish, mahalliy aholi uchun ish oʻrinlari yaratish va mintaqadagi iqtisodiy faollikni oshirishni ham koʻzda tutadi.



