Payshanba, 12-noyabr 2026-yil
Markaziy Osiyo

Oʻzbekiston va Qozogʻiston fuqarolar safarini yengillashtirishni muhokama qildi

Tomonlar ID-kartalar orqali safar qilish va Qozogʻistonda joriy etilayotgan QazETA tizimi doirasida Oʻzbekiston fuqarolariga berilishi mumkin boʻlgan imtiyozlarni muhokama qildi.

12-noyabr, 15:37По-русски

Read in English

11 noyabr kuni Toshkentda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Olimjon Abdullayev va Qozogʻiston elchisi Yerali Tugʻjanov oʻzaro safarlarni soddalashtirish hamda chegarani kesib oʻtishdagi toʻsiqlarni bartaraf etish masalalarini muhokama qildi.

Davlat chegarasini ID-kartalar orqali kesib oʻtish imkoniyati, shuningdek, Qozogʻistonga QazETA elektron ruxsatnoma tizimi orqali kirish shartlariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar ushbu tizim doirasida Oʻzbekiston fuqarolariga muayyan imtiyozlar berish masalasini koʻrib chiqdi.

Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolarini Qozogʻistonda uyushgan holda ishga joylashtirish, shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish hamda har ikki davlat fuqarolarining qoʻshni davlat hududida boʻlishi uchun qulay sharoitlar yaratish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar ushbu yoʻnalishlarda muloqotni davom ettirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.