Tojikiston Fors koʻrfazi davlatlari bilan savdoni 5 baravardan koʻproqqa oshirdi — YeTTB
Tojikistonning Fors koʻrfazi davlatlari bilan savdo aylanmasi 2020-yildagi $20 mln dan 2025-yilda $107 mln gacha oshdi, deyiladi YeTTB brifida.

Tojikiston va Fors koʻrfazi davlatlari oʻrtasidagi savdo aloqalari kengaydi. Bu haqda 10 noyabr kuni eʼlon qilingan Yevroosiyo taraqqiyot bankining tahliliy brifida aytiladi. Sharh Markaziy Osiyoning besh davlati va Fors koʻrfazi arab davlatlari hamkorlik kengashiga kiruvchi olti mamlakatni — BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Quvayt, Ummon va Bahraynni qamrab oladi.
Tojikiston Fors koʻrfazi davlatlaridan asosan avtomobillar, mashina va uskunalar, elektronika hamda kimyoviy mahsulotlarni import qiladi. Respublika eksporti hajmi ancha kichik boʻlib, uning asosini metallar va agrosanoat majmuasi mahsulotlari tashkil etadi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda Markaziy Osiyoning Fors koʻrfazi davlatlari bilan jami savdosi $1 mlrd dan $3,9 mlrd gacha oshdi. Koʻrfaz davlatlari tomonidan amalga oshiriladigan aylanmaning asosiy qismi BAA hissasiga toʻgʻri keladi, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa eng katta hajmni Oʻzbekiston va Turkmaniston taʼminlaydi.
YeTTB, shuningdek, Fors koʻrfazi davlatlarining Markaziy Osiyoga investitsiyalari oʻsayotganini qayd etadi. Investitsiyalar eng koʻp elektr energetikasiga, jumladan, avvalo Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalariga yoʻnaltirilmoqda. Eng yirik investorlar Saudiya Arabistoni va Qatar bilan bir qatorda BAA boʻlib qolmoqda.
Savdoning kengayishiga yuqori transport xarajatlari toʻsqinlik qilmoqda: Markaziy Osiyo davlatlarining Fors koʻrfazi dengiz portlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqishi yoʻq. Tahlilchilar boshqa cheklovlar qatorida logistika va ombor infratuzilmasining yetishmasligi, savdoni moliyalashtirish imkoniyatlarining cheklangani hamda standartlarni oʻzaro tan olish bilan bogʻliq muammolarni ham sanaydi.



