Tailand 2027-yil yozida turistlardan yigʻim joriy etishi mumkin
Tailand hukumati samolyotda keladigan xorijiy turistlardan har bir kishi uchun 450 bat — taxminan 13 dollar — undirishni taklif qilmoqda. Agar hukumat loyihani maʼqullasa, yigʻimni 2027-yil iyun yoki iyul oyida undirish boshlanishi mumkin.

Tailandda Milliy turizm siyosati qoʻmitasi yigʻim loyihasini 12-noyabr kuni yakuniy koʻrib chiqishi kerak. Turizm va sport vazirligi hujjatni kelasi hafta Vazirlar Mahkamasiga kiritishni rejalashtirmoqda, biroq qoidalar hali ishlab chiqilmoqda.
Hokimiyat hozircha istisnolar roʻyxati, toʻlov usuli hamda zarur texnologiya va infratuzilmaning tayyorligini muhokama qilmoqda. Vazirlar Mahkamasi maʼqullaganidan va qoidalar Royal Gazetteʼda eʼlon qilinganidan soʻng, qonunda 180 kunlik oʻtish davri belgilangan. Shu sababli yigʻim undirilishi boshlanadigan aniq sana hozircha belgilanmagan.
Tailand Turizm va sport vazirligining doimiy kotibi Nattriya Taviwong yigʻimni aviachiptaning narxiga qoʻshish eng oson variant sifatida koʻrilayotganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, aviatsiya sohasi vakillari, jumladan Airports of Thailand bilan oʻtkazilgan muhokamalar tizimning bir necha yillik tadqiqotlardan soʻng ishga tayyorligini koʻrsatgan.
Hozirgi loyiha boʻyicha ishlash uchun ruxsatnomaga ega xorijliklar, diplomatik va xizmat pasportlari egalari, chegara ruxsatnomasi egalari, tranzit yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari hamda ikki yoshdan kichik bolalar toʻlovdan ozod qilinadi. Vazirlik istisnolarning yakuniy roʻyxati hali tasdiqlanmaganini taʼkidlamoqda.
Tushumning bir qismini Tailandda kasal boʻlib qoladigan yoki jarohat oladigan xorijiy turistlarni sugʻurtalashga yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda. Ushbu sxema toʻlanmagan shifoxona hisob-kitoblari sabab Sogʻliqni saqlash vazirligi va turistik uyushmalar oʻrtasida kelishmovchiliklarga sabab boʻlgan.



