Qozogʻistonda davlat OTMlarida oʻqish toʻlovi oshishi qanday jilovlanayotgani tushuntirildi
Qozogʻiston davlat oliy taʼlim muassasalari oʻqish toʻlovini inflyatsiya darajasidan oshirmagan holda koʻtarishi mumkin, dedi Fan va oliy taʼlim vaziri Sayasat Nurbek. Uning soʻzlariga koʻra, vazirlik xususiy universitetlar uchun xuddi shunday cheklov joriy etishga vakolatli emas.

Ayrim davlat OTMlarida oʻqish narxi yiliga bir necha million tengega yetishi haqidagi savolga javob berar ekan, Nurbek taʼlim grantlari tizimini misol qilib keltirdi. Soʻnggi yetti yil ichida davlat jami 655 mingdan ortiq grant ajratdi. Ularning umumiy qiymati qariyb 1,5 trln tenge yoki Milliy bankning 12-noyabrdagi kursi boʻyicha 3,37 mlrd dollarni tashkil etadi.
Oʻqish xarajatlarini toʻliq qoplaydigan grantlardan tashqari, Qozogʻistonda taʼlim qiymatining yarmigacha qismini toʻlash imkonini beradigan grantlar ham mavjud. Vazir qoʻllab-quvvatlashning boshqa choralari qatorida foizsiz taʼlim kreditlari va «Milliy jamgʻarma — bolalarga» dasturini ham sanab oʻtdi. Uning aytishicha, «Keleshek» dasturi boʻyicha qariyb 240 ming oila taʼlim uchun jamgʻarma hisobvaraqlarini ochgan.
Nurbek vazirlik xususiy universitetlar assotsiatsiyasi bilan oʻqish narxini muhokama qilayotganini qoʻshimcha qildi. Qozogʻistonda filiallar ochayotgan xorijiy OTMlar bilan alohida muzokaralar olib borilmoqda. Vazirlik ushbu filiallarda oʻqish xorijdagi asosiy kampuslarda oʻqishdan arzonroq boʻlishiga erishmoqchi.



