Kia va uning yetkazib beruvchilari Hindistondagi ikkinchi zavodga qariyb 2 mlrd dollar sarmoya kiritadi
Janubiy Koreyaning Kia kompaniyasi va uning yetkazib beruvchilari Hindistonda ikkinchi zavod qurilishiga qariyb 2 mlrd dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. U yerda avtomobillar ishlab chiqarishni 2030 yil boshida boshlash koʻzda tutilgan.

Kia India Andxra-Pradesh shtati hukumati bilan niyatlar memorandumini imzoladi. Yangi ishlab chiqarish maydoni Anantapur tumanida joylashtiriladi. Kompaniya bu hududda 2019 yildan beri avtomobil ishlab chiqarmoqda.
Zavod yiliga 200 mingta avtomobil ishlab chiqarishga moʻljallangan. Unda ichki yonuv dvigateliga ega avtomobillar va elektromobillar yigʻilishi rejalashtirilgan. Korxona ishga tushirilgach, Kiaʼning Hindistondagi umumiy ishlab chiqarish quvvati yiliga 430 mingtadan 630 mingtagacha oshadi.
Oktyabr oyida Kia aʼzo boʻlgan Hyundai Motor Group 2026–2032 yillarda Hindistonga 15,5 mlrd dollar sarmoya kiritish rejasini eʼlon qildi. Dastur ishlab chiqarishni kengaytirish, tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish va mahalliy yetkazib beruvchilar bilan ishlashni qamrab oladi. Hindiston avtomobil bozori hajmi boʻyicha Xitoy va AQShdan keyin dunyoda uchinchi oʻrinda turadi.



