Juma, 13-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Cisco AI infratuzilmasidan tushum prognozini $9 mlrdgacha oshirdi

Cisco birinchi chorakda tahlilchilar kutganidan yuqori — $18,5 mlrd tushum oldi. Kompaniya moliyaviy yil uchun AI infratuzilmasidan tushum prognozini $9 mlrdgacha oshirdi.

13-noyabr, 16:29По-русски

Read in English

Cisco kompaniyasining 2027-moliyaviy yilning birinchi choragidagi tushumi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga oshdi. Aksiyaga toʻgʻri keladigan tuzatilgan foyda $1,40 boʻldi, tahlilchilarning oʻrtacha prognozi esa $1,33 edi. GAAP standarti boʻyicha sof foyda $4,6 mlrdga yetdi, aksiyaga toʻgʻri keladigan foyda esa $1,14 boʻldi.

Kompaniya natijalarni barcha hududlarda va mijozlarning turli toifalari orasida tarmoq texnologiyalariga boʻlgan yuqori talab bilan izohladi. Eng sezilarli oʻsish tarmoq uskunalaridan tushumda kuzatildi — u 43 foizga oshdi; xavfsizlik yechimlaridan tushum esa 7 foizga koʻpaydi.

Cisco yirik bulutli kompaniyalar uchun sunʼiy intellekt infratuzilmasidan olinadigan daromad bahosini avvalgi moliyaviy yilga nisbatan ikki baravardan koʻproqqa oshirdi. Shu bilan birga, kompaniya 2027-moliyaviy yilning toʻliq davri uchun tuzatilgan foyda va tushum prognozlarini ham oshirdi.

Cisco ikkinchi chorakda tushum $18–18,2 mlrd oraligʻida, aksiyaga toʻgʻri keladigan tuzatilgan foyda esa $1,34–1,36 boʻlishini kutmoqda. Direktorlar kengashi oddiy aksiyalarning har biri uchun $0,42 miqdorida choraklik dividend ham eʼlon qildi: toʻlovni 2027-yil 20-yanvarda, 4-yanvar holatiga aksiyadorlar roʻyxatida qayd etilgan shaxslarga amalga oshirish rejalashtirilgan.