Juma, 13-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Tesla va SpaceX dekabr oyidayoq birlashuv haqida eʼlon qilishi mumkin

Tesla va SpaceX birlashishga yaqinlashdi: bitim haqidagi eʼlon dekabr oyidayoq berilishi mumkin, biroq uni 2027-yil boshiga qoldirishlari ham ehtimol.

13-noyabr, 15:25По-русски

Read in English

Tesla va SpaceX birlashish masalasini muhokama qilmoqda, kompaniyalarning direktorlar kengashlari va maslahatchilari esa bitim shartlari hamda boʻlajak kompaniyaning boshqaruv tuzilmasini muvofiqlashtirmoqda. Hal etilmagan masalalar qatorida Tesla investorlari oladigan SpaceX aksiyalari soni ham bor. Muhokamalardan xabardor shaxslarning aytishicha, kompaniyalar eʼlonni 2027-yil boshiga qoldirish variantini ham koʻrib chiqmoqda.

Asosiy toʻsiq Teslaʼning Xitoydagi biznesi boʻlib qolmoqda. Tomonlar kompaniyaning Xitoydagi yirik ishlab chiqarish faoliyatini SpaceXʼning AQSh davlat va mudofaa shartnomalaridan qanday ajratish mumkinligini aniqlashi kerak. JPMorgan tahlilchisi Rajat Gupta avvalroq bitimni regulyatorlar va aksiyadorlar tomonidan maʼqullash nuqtayi nazaridan bu yoʻnalishlar bir-biriga zid ekanini aytgan.

AQShdagi siyosiy nazorat ham qoʻshimcha savollarni yuzaga keltirishi mumkin. Noyabr oyidagi saylovlarda Kongressda koʻpchilikni qoʻlga kiritgan demokratlar Ilon Maskning biznes va siyosiy faoliyatini tergov qilishga vaʼda bergan. Bu uchirishlar va sunʼiy yoʻldoshlar sohasida Pentagonning muhim pudratchilaridan biri ishtirok etadigan birlashuvga eʼtiborni kuchaytirishi mumkin.

Kompaniyalar birlashish imkoniyatini rasman 20-oktabr kuni oʻrgana boshladi. Oʻsha paytda Mask direktorlar kengashlari huzurida mustaqil maxsus qoʻmitalar tashkil etilganini maʼlum qilgan. Uning oʻzi manfaatlar toʻqnashuvi sababli jarayonda ishtirok etmasligini bildirgan. Bitimni maʼqullash uchun Tesla barcha chiqarilgan aksiyalarning yarmiga egalik qiluvchi aksiyadorlarning qoʻllab-quvvatlashiga muhtoj boʻladi.

SpaceXʼning iyun oyidagi IPOʻsidan keyin uning bozor qiymati taxminan $1,9 trln ga yetdi, Tesla esa taxminan $1,55 trln deb baholanmoqda. Bunday koʻlamda birlashuv tarixdagi eng yirik korporativ bitimga aylangan boʻlardi. Har ikki kompaniya allaqachon bir qator loyihalarda, jumladan, Texasdagi Terafab yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarish loyihasida hamkorlik qilmoqda.