Juma, 13-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Oʻzbekiston va Xaynan savdo aloqalarini rivojlantirishga kelishdi

Oʻzbekiston va Xitoyning Xaynan provinsiyasi savdo-investitsiya loyihalarini rivojlantirishga kelishdi. Biznes-forum yakunida tomonlar anglashuv memorandumini imzoladi.

13-noyabr, 16:44По-русски

Read in English

Toshkentda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashining Xaynan provinsiyasi qoʻmitasi «Xaynan erkin savdo porti — Toshkent bilan savdo-iqtisodiy almashinuv» biznes-forumini oʻtkazdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat vazirlik va idoralari vakillari, tadbirkorlar, investorlar hamda yuristlar qatnashdi. Ishtirokchilar savdo, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasidagi hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qildi.

Xitoy delegatsiyasiga Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun mavjud shart-sharoitlar, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar va texnoparklar imkoniyatlari taqdim etildi. Bundan tashqari, ishtirokchilarga Toshkent xalqaro moliya markazi va IT Park rezidentlari haqida maʼlumot berildi.

Xaynan vakillari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, mashinasozlik, yangi energetika va turizm sohalaridagi qoʻshma loyihalarga qiziqish bildirdi. Hainan NicePow Industry, Dehang va Huali kompaniyalari investitsiyaviy hamda biznes takliflarini taqdim etdi.

Tomonlar, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, eksport salohiyatini oshirish hamda xalqaro savdoni rivojlantirish masalalarini koʻrib chiqdi. Kun tartibidan tadbirkorlarni huquqiy qoʻllab-quvvatlash va sanoat hamkorligini kengaytirish masalalari ham oʻrin oldi.

Forum yakunida anglashuv memorandumini Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashining Xaynan provinsiyasi qoʻmitasi va Xaynan xalqaro savdo palatasi imzoladi. Hujjat biznes aloqalarini mustahkamlash, tadbirkorlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish hamda yangi savdo-investitsiya loyihalarini rivojlantirishni nazarda tutadi.