Oʻzbekiston besh yil ichida 450 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb etishni maqsad qildi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2027–2031-yillarga moʻljallangan yettita milliy dasturni tasdiqladi. Ularda 450 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb etish va yalpi ichki mahsulotni 300 mlrd dollargacha oshirish koʻzda tutilgan.

Iqtisodiy dastur doirasida sanoatda yuqori daromadli 2 mln ish oʻrni yaratish ham rejalashtirilgan. Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulotni 10 ming dollardan yuqori darajaga yetkazish moʻljallangan.
Taʼlim sohasida hukumat 10 mln nafar yoshni raqamli industriyaga jalb etish va talab yuqori boʻlgan kasblarga tayyorlashni rejalashtirmoqda. Yana bir maqsad — Oʻzbekistondagi kamida oʻnta oliy taʼlim muassasasini xalqaro reytinglarning dastlabki mingtaligiga kiritish.
Sogʻliqni saqlashga davlat xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha yetkazish, davlat tibbiy sugʻurtasi bilan esa barcha uy xoʻjaliklarini qamrab olish rejalashtirilgan. Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni rivojlantirish uchun hukumat kamida beshta xorijiy klinikani jalb etishni koʻzlamoqda.
Dasturning ekologiya boʻlimida barcha sugʻoriladigan yerlarda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda tuman va shahar markazlarida koʻkalamzorlashtirilgan hududlar ulushini 30 foizgacha oshirish nazarda tutilgan. Alohida dasturlar sud tizimi, mahallalarni rivojlantirish va tashqi siyosatni ham qamrab oladi.
PF-242-son farmon 10 noyabrda imzolangan va 2026-yil 11 noyabrda kuchga kirgan. Maqsadli koʻrsatkichlar bilan birga 2027–2031-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlangan.



