Tojikistonda korrupsiya haqida xabar berish portali ishga tushirildi
Dushanbeda oʻtkazilgan xalqaro korrupsiyaga qarshi forumda Shaffof Anticor platformasi taqdim etildi. U orqali Tojikiston aholisi korrupsiyaning ehtimoliy holatlari haqida xabar berishi va murojaatlari koʻrib chiqilishi natijalarini kuzatib borishi mumkin.

Portalni Tojikiston Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurash agentligi taqdim etdi. Idora maʼlumotlariga koʻra, xabarlarni ochiq yoki maxfiy tarzda yuborish mumkin. Murojaat koʻrib chiqilishining natijasi shu platformaning oʻzida mavjud boʻladi.
Xizmat BMT Taraqqiyot dasturi koʻmagida ishlab chiqildi. Uning asosiga Janubiy Koreyaning Clean Portal tizimi olindi va tizim korrupsiya haqida xabar beruvchi odamlarni himoya qilish loyihasi doirasida Tojikiston sharoitiga moslashtirildi. Loyiha davlat muassasalarida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni baholash tizimini ishlab chiqishni ham nazarda tutadi.
Platforma 12 noyabr kuni tegishli agentlik tashkil etilganining 20 yilligiga bagʻishlangan Ikkinchi Dushanbe xalqaro korrupsiyaga qarshi forumida taqdim etildi. Tadbirda Tojikiston davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy idoralar, jumladan, Qozogʻiston vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish, korrupsiya xatarlarini baholash va davlat moliyaviy nazoratini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.


