Juma, 13-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

Samsung va POSTECH AR koʻzoynaklari uchun qalinligi 1,5 mm boʻlgan optikani ishlab chiqdi

Samsung va Pohang fan va texnologiyalar universiteti (POSTECH) tadqiqotchilari qalinligi 1,5 mm boʻlgan ikki qatlamli toʻlqin oʻtkazgichga ega kengaytirilgan reallik koʻzoynaklarini sinovdan oʻtkazdi. Bu toʻlqin oʻtkazgich yorqin kunduzgi yorugʻlikda tasvirning oʻqilishini saqlab qolishga imkon berdi.

13-noyabr, 16:28По-русски

Read in English

Toʻlqin oʻtkazgich miniatyura proyektoridan kelayotgan yorugʻlikni koʻzga yoʻnaltiradi. Shu tariqa foydalanuvchi atrofdagi muhit ustida virtual tasvirni koʻradi. Prototipda yorugʻlikni nanostrukturalarga ega qatlamlar — metayuzalar — qayta yoʻnaltiradi. Tadqiqotchilar yorugʻlik yoʻqotilishini kamaytirish uchun bu strukturalarning toʻlqin oʻtkazgich yuzasidagi joylashuvini oʻzgartirdi.

Toʻliq rangli tasvir olish uchun mualliflar ikki qatlamdan foydalandi. Ulardan biri koʻk va yashil yorugʻlikni, ikkinchisi esa qizil va yashil yorugʻlikni oʻtkazadi. Prototip 30° koʻrish maydoni va 8 × 8 mm oʻlchamdagi koʻrish zonasini taʼminladi. Bu zona tasvir saqlanib qolgan holda koʻzni optikaga nisbatan qanchaga siljitish mumkinligini koʻrsatadi.

Sinovlarda oq matn yorqin kunduzgi yorugʻlikda ham oʻqiladiganligicha qoldi. Xonada esa prototip displey quvvati dastlabki darajaning 30 foizigacha kamaytirilganida ham toʻliq rangli tasvirni namoyish etdi. Natijalar 11 noyabr kuni Nature jurnalida eʼlon qilindi.

Keyingi vazifa — bitta toʻlqin oʻtkazgich qatlami bilan shunga oʻxshash koʻrsatkichlarga erishish, shuningdek, tashqi yorugʻlik sharoitida rangli gardishlar va xiralikni kamaytirish. Bunday optikaga ega seriyali koʻzoynaklar qachon chiqarilishi hozircha nomaʼlum.