Nurotadagi quyosh stansiyasi NKMKni elektr energiyasi bilan taʼminlaydi
Navoiy viloyatining Nurota tumanida quvvati 300 MVt boʻlgan quyosh stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Navoiy kon-metallurgiya kombinati ehtiyojlariga yoʻnaltiriladi, deb xabar berdi Oʻzbekiston Energetika vazirligi.

Stansiya Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirildi. Loyiha Xitoyning China Energy Overseas Investment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 390 mln dollarni tashkil etdi.
Stansiya bilan birga quvvati 150 MVt va sigʻimi 300 MVt·soat boʻlgan energiya saqlash tizimi ham oʻrnatildi. U ishlab chiqarilgan elektr energiyasining bir qismini saqlab, undan keyinroq foydalanish imkonini beradi. Energetika vaziri Sherzod Xoʻjayev 12 noyabr kuni obyektga tashrif buyurib, stansiya va energiya saqlash tizimining ishlashi bilan tanishdi.
Energetika vazirligi hisob-kitoblariga koʻra, stansiya yiliga 657 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Bunday ishlab chiqarish har yili qariyb 175 mln kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Vazirlik chiqindilar qisqarishini yiliga 377 ming tonna deb baholadi.



