Anthropic Claudeʼda Microsoft tizimlaridagi uzilish ortidan global nosozlik yuz berdi
Claude xizmatlari Microsoft tizimlaridagi nosozlik fonida butun dunyo boʻylab minglab foydalanuvchilar uchun ishlamay qoldi. Kompaniya autentifikatsiya muammolarini maʼlum qilib, tuzatish joriy etdi.

Claude holati sahifasida claude.ai, Claude Code va platform.claude.com platformalarida xatolar soni oshgani haqida xabar berildi. DownDetector maʼlumotlariga koʻra, 3 000 dan ortiq foydalanuvchi nosozliklar haqida xabar bergan.
Kompaniya Claude.ai va Claude Codeʼdagi autentifikatsiya bilan bogʻliq muammolarni tekshirayotganini maʼlum qildi. Keyinroq tuzatish joriy etilgani va xizmatlar tiklanishi kuzatilayotgani bildirildi.
Nosozlik Microsoft tizimlaridagi keng koʻlamli uzilishlar bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi. Shu sababli butun dunyo boʻylab yuz minglab foydalanuvchilar elektron pochta va Teams messenjeridan foydalana olmay qoldi. Korporatsiya muammolarni bartaraf etish ishlari kutilganidek ketmayotganini maʼlum qildi.
Uzilishlar bir kun avval boshlangan va Microsoft 365’ning bir nechta xizmatlariga taʼsir koʻrsatgan. Foydalanuvchilar Outlookʼda xat yuborish va qabul qilishning imkoni boʻlmaganini, shuningdek, Teams, Copilot va paketning boshqa xizmatlarida muammolar yuzaga kelganini bildirgan.
Yana oʻqing

Xitoy AQSh voz kechgan kam seziluvchi zarbdor dronni yirik planda koʻrsatdi
Texnologiyalar16:40
Samsung va POSTECH AR koʻzoynaklari uchun qalinligi 1,5 mm boʻlgan optikani ishlab chiqdi
Texnologiyalar16:28
