Senator Cotton CXMTning AQSh kompaniyalari bilan ishini cheklashga chaqirdi
AQSh senatori Tom Cotton savdo vaziri Govard Latnikni Xitoy xotira ishlab chiqaruvchisi CXMTni cheklovlar roʻyxatiga kiritishga chaqirdi.

Payshanba kuni Cotton Latnikka xat yoʻllab, ChangXin Memory Technologies kompaniyasini Savdo vazirligi Sanoat va xavfsizlik byurosining Entity List roʻyxatiga kiritishni soʻradi. Bunday qaror AQSh kompaniyalarining CXMT bilan biznes yuritish imkoniyatini keskin cheklab, xitoylik ishlab chiqaruvchini AQSh texnologiyalaridan mahrum qilgan boʻlardi, deya tushuntirdi Brookings Institution eksperti Kyle Chan.
CXMT kompyuterlar va smartfonlarning asosiy funksiyalarida ishlatiladigan DRAM xotirasini ishlab chiqaradi. Counterpoint maʼlumotlariga koʻra, kompaniyaning daromad boʻyicha jahon DRAM bozoridagi ulushi 2025 yilning ikkinchi choragidan 2026 yilning ikkinchi choragigacha bir yil ichida 4 foizdan 10 foizgacha oshdi. Iyul oyida CXMT aksiyalarini birlamchi joylashtirishni oʻtkazdi, shundan soʻng uning aksiyalari keskin qimmatlashdi.
Ishlab chiqaruvchilar DRAMʼdan Nvidia, Google va Amazon Web Servicesʼning sunʼiy intellekt chiplarida qoʻllanadigan yuqori tezlikdagi HBM xotirasi uchun asos sifatida foydalanishi mumkin. Counterpoint CXMTning bu yoʻnalishdagi imkoniyatlarini hozircha cheklangan deb hisoblaydi, biroq Reuters kompaniya HBM ishlab chiqarishni boshlash rejalariga egaligi haqida xabar berdi. Manba maʼlumotlariga koʻra, yaroqli chiplar chiqishi atigi 20–30 foizni tashkil qilishi mumkin.
CXMT allaqachon Pentagon Xitoy harbiy idoralari bilan bogʻliq kompaniyalarni kiritadigan AQShning 1260H roʻyxatidan joy olgan. Biroq Channing aytishicha, bu roʻyxat AQSh biznesi uchun qatʼiy cheklovlarni nazarda tutmaydi. Avvalroq The Wall Street Journal sunʼiy intellekt infratuzilmasiga talab oshishi sabab yuzaga kelgan taqchillik fonida Apple iPhone va Mac uchun CXMT xotirasini xarid qilish imkoniyatini koʻrib chiqqani haqida xabar bergan edi. Kompaniyaning Entity List roʻyxatiga kiritilishi bunday variantga taʼsir qilishi mumkin.



