Amazonning SI xarajatlari keskin oshishida moliya direktori markazda
AWS moliya direktori Jon Felton Amazonni SI quvvatlarini tezroq ishga tushirishga va talab haqidagi maʼlumotlar paydo boʻlishi bilan rejalarni yangilashga chaqirdi.

Amazon sentabrda SI xarajatlarini rejalashtirishni muhokama qildi. Felton birgina prognoz yetarli emasligini aytdi: kompaniya talab kuchli va sust boʻladigan ssenariylarni hisobga olib, qarorlarni tezroq qayta koʻrib chiqishi kerak.
AWS yer, elektr va ruxsatnomalarni oldindan taʼminlaydi, chunki bunga yillar ketadi. Keyinroq buyurtma berish mumkin boʻlgan uskunani esa kompaniya mijozlar ehtiyoji aniqroq boʻladigan paytga yaqin xarid qiladi. Uchinchi chorak hisobotida AWS bulutli shartnomalari hajmi $578 mlrdga yetgani, tushum esa 39 foizga oshib, $46 mlrd boʻlgani koʻrsatildi.
Boʻlinma data-markazlari va server konfiguratsiyalarining bir necha variantini ishlab chiqmoqda. Elektr jihozlarini xarid qilishda AWS yetkazib beruvchilarning ishlab chiqarish quvvatlari va tariflar bilan bogʻliq xatarlarni hisobga oldi; Jabil bilan ehtimoliy bitim yillik xarajatlarni $300 mln ga kamaytirishi mumkin edi. Amazon, shuningdek, 2027 yil uchun qariyb $64 mlrdni oʻz ichiga olgan $159,6 mlrdlik uzoq muddatli majburiyatlarini oshkor qildi, biroq unda AWS yoki SI ulushini koʻrsatmadi.



