Trampning Gʻazo boʻyicha Tinchlik kengashiga vaʼda qilingan $18 mlrdga nima boʻldi?
Donorlar Trampning Tinchlik kengashi orqali Gʻazoni tiklash uchun qariyb $18 mlrd vaʼda qilgan, biroq oʻt ochishni toʻxtatish kuchga kirganidan bir yildan koʻproq vaqt oʻtganiga qaramay, ishlar boshlanmadi. $280 mlnning katta qismi oʻzlashtirilmagan.

Tinchlik kengashi donorlarning dastlabki moliyaviy majburiyatlari qariyb 18 mlrd dollarga yetganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, qurilishning dastlabki bosqichi uchun u $280 mln soʻragan va kengashning sentyabrdagi bayonotiga koʻra, bu mablagʻning katta qismi oʻzlashtirilmay qolgan.
Isroil xalqaro kuchlar yoki tayyorgarlikdan oʻtgan Falastin politsiyasiga Gʻazoga kirib, XAMASni qurolsizlantirishni boshlashga ruxsat bermaguncha, loyihalarni boshlab boʻlmaydi. Isroil oziq-ovqat va tibbiy yordam yetkazib berilishini ham cheklamoqda, vaʼda qilingan koʻchma uylarni kiritmayapti hamda Gʻazoni boshqarish boʻyicha Falastin qoʻmitasining sektor hududiga kirishiga yoʻl qoʻymayapti. Qoʻmita Qohirada faoliyat yuritmoqda.
Otashkesim kuchga kirganidan beri, Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Isroil kamida 1 658 nafar falastinlikni oʻldirgan va 6 000 kishini yaralagan. Qariyb 1,4 mln falastinlik hamon vaqtinchalik boshpanalarda yashamoqda.
Kengashni Donald Tramp Gʻazo boʻyicha rejasining bir qismi sifatida taklif qilgan va unga tiklanishni muvofiqlashtirish vakolati berilgan. Oʻzbekiston uning tarkibiga kiradi va moliyaviy majburiyat olganini ham maʼlum qilgan, biroq uning miqdorini oshkor qilmagan.



