Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishini 70 foizgacha oshirdi
Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishi 70 foizga yetganini maʼlum qildi. Microsoft kompaniyaning serverlar uchun moʻljallangan Xeon protsessorlariga tegishli ishlab chiqarish quvvatlarini bir necha yilga band qiladi.

Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishi oshgani va Microsoft bilan uzoq muddatli kelishuv tuzilganini eʼlon qildi. TomorrowX konferensiyasida Intel bosh direktori Lip-Bu Tan kompaniyaga kelganidan soʻng bu koʻrsatkich nihoyatda past darajadan 70 foizgacha oshganini aytdi.
18A texnologik jarayoni 1,8 nm toifasiga kiradi. Undan Panther Lake oilasiga mansub Core Ultra 300 seriyali protsessorlarning hisoblash kristallari, shuningdek Clearwater Forest oilasiga mansub server Xeon 6+ protsessorlarini ishlab chiqarishda foydalaniladi. Bu chiplar koʻp kristalli komponovka va Foveros Direct uch oʻlchamli yigʻish texnologiyasi asosida yaratiladi.
Kelishuvga koʻra, Microsoft Intel kompaniyasining server Xeon protsessorlari, jumladan, kelajakdagi Diamond Rapids protsessorlari uchun ishlab chiqarish quvvatlarini band qiladi. Shuningdek, kompaniya oʻz yarimoʻtkazgich yechimlarida EMIB korpuslash texnologiyasidan foydalanish niyatini ochiq tasdiqlagan birinchi buyurtmachiga aylanadi. Bu texnologiya alohida kristallarni bitta korpusga birlashtiradi.
Intel va Microsoft EMIB yordamida qaysi chiplar ishlab chiqarilishi, buning uchun qaysi texnologik jarayon qoʻllanishi, shuningdek ishlab chiqarish hajmlari va muddatlarini oshkor qilmadi. Kelishuv Microsoftʼning 18A texnologik jarayonidan oʻz server yechimlari uchun foydalanish haqidagi avvalgi rejalari bilan bogʻliq yoki bogʻliq emasligi nomaʼlum.
Yana oʻqing

Boris Titov BRM kun tartibiga SI, kosmos va madaniyatni qoʻshishni taklif qildi
Texnologiyalar10:49
«Roskosmos» kosmonavtlarga yordam berish va sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini yaxshilash uchun sunʼiy intellektdan foydalanadi
Texnologiyalar10:41
