Toshkent va viloyat oʻrtasidagi avtobuslarda 15 kunda 5,6 ming chiptasiz yoʻlovchi aniqlandi
1–15 noyabr kunlari Toshkentdan viloyatga qatnovchi 18 avtobus yoʻnalishida chiptasiz yurish boʻyicha 5 601 ta bayonnoma rasmiylashtirildi.

Toshkentda «Toshkent shahrida yoʻlovchi tashishlarni monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasi nazoratchilari Toshkent viloyatiga qatnovchi yoʻnalishlarda tekshiruvlarni kuchaytirdi. 15 kun ichida ular yoʻl haqini toʻlamagan yoʻlovchilar boʻyicha 5 601 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirdi.
Eng koʻp qoidabuzarliklar №8T yoʻnalishida — 593 ta, №145 yoʻnalishida — 585 ta, №194 yoʻnalishida — 531 ta, №65 yoʻnalishida — 517 ta va №74 yoʻnalishida — 417 ta qayd etildi. Reydlar vaqtida yoʻlovchilarga avtobusga chiqishda yoʻl haqini toʻlash zarurligi eslatildi, shuningdek, transport va bank kartalari hamda boshqa naqdsiz toʻlov usullaridan foydalanish tartibi tushuntirildi.
2026-yil 1-sentabrdan brutto-shartnomalar asosida ishlaydigan muntazam shahar avtobus yoʻnalishlarida kirishda toʻlov qilish majburiy boʻladi. Chiptasiz yurish maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi.



