19 yoshli Mirra Andreyeva WTA yakuniy chempionatida gʻolib boʻldi
Rossiyalik tennischi Mirra Andreyeva Indian-Uellsdagi finalda ukrainalik Elina Svitolinani 7:5, 6:3 hisobida magʻlub etdi. U turnirda biror setni boy bermay gʻalaba qozondi.

AQShning Indian-Uells shahrida Andreyeva oʻzi uchun yakkalik bahslaridagi debyut turnir boʻlgan WTA yakuniy chempionatida barcha uchrashuvlarda gʻalaba qozonib, bosh sovrinni qoʻlga kiritdi. Finalda u Elina Svitolinani ikki setda magʻlub etdi.
Andreyeva soʻnggi 22 yil ichida ushbu musobaqaning eng yosh chempioniga aylandi. Shuningdek, u Mariya Sharapovadan keyin bu unvonni qoʻlga kiritgan ilk rossiyalik tennischi boʻldi. Andreyeva butun turnirni biror setda magʻlub boʻlmay oʻtkazgan tennischilar qatoridan ham joy oldi.
2026 yilda sportchi toʻrtta turnirda, jumladan, «Rolan Garros»da gʻolib boʻldi. Indian-Uellsdagi sovrin uning faoliyatidagi yettinchi sovrin boʻldi. Andreyeva bir mavsumda «Katta dubulgʻa» turkumidagi ilk turnir va WTA yakuniy chempionatida gʻolib chiqa olgan sanoqli tennischilardan biriga aylandi.
Gʻalabasi uchun rossiyalik tennischiga 3,37 million dollar mukofot puli hamda maxsus binafsha rangdagi Mercedes-AMG SL 55 4MATIC+ avtomobili berildi. U sportkarni hozircha oʻzi boshqara olmaydi: tennischining hali haydovchilik guvohnomasi yoʻq. Yil yakunlariga koʻra, Andreyeva jahon reytingida ikkinchi oʻringa koʻtariladi.
Sportchini ispaniyalik murabbiy Konchita Martines tayyorlamoqda. Ularning hamkorligi 2024 yil bahorida boshlangan. Martines bundan oldin ham Garbinye Mugurusani WTA yakuniy chempionatida — 2021 yilda Gvadalaxarada — gʻalabaga olib kelgan.



