Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Anthropic IPOsi Amazon va Google ulushlarini yuzlab milliard dollarga baholadi

Anthropic kompaniyasining birjaga chiqishi uning taʼsischilari va investorlariga tegishli paketlarning baholangan qiymatini keskin oshirdi. Business Insider joylashtirish narxi asosidagi hisob-kitoblariga koʻra, Amazon ulushining qiymati qariyb 225 mlrd dollar, Googleniki taxminan 200 mlrd dollar, yetti nafar hammuassisning har biriga tegishli paket qiymati esa qariyb 20 mlrd dollarni tashkil etadi.

20-noyabr, 12:57По-русски

Read in English

businessinsider.com

Anthropic aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish narxini $83 etib belgiladi. Bu dastlabki $70–78 diapazonidan yuqori boʻldi. Bunday narxda Claude ishlab chiquvchisining aksiyadorlik kapitali taxminan $1,5 trln deb baholandi.

19 noyabr kuni Nasdaqdagi savdolar bir aksiya uchun $111,50 narxda boshlandi va $97,17 koʻrsatkichida yakunlandi — bu IPO narxidan taxminan 17% yuqori. Biroq Business Insider keltirgan eng yirik aksiyadorlar paketlari qiymati aynan $83 lik joylashtirish narxi asosida hisoblangan.

Asosiy foyda oluvchilardan biri Amazon boʻldi. Kompaniya Anthropicʼga 2023 yilda sarmoya kiritishni boshlagan va unga hisoblash quvvatlarini taqdim etadi. Nashr keltirgan hujjatlarga koʻra, Amazon aksiyalarning qariyb 15 foiziga egalik qiladi — bu paketning qiymati taxminan $225 mlrd.

Amazon investitsiyalarining katta qismini konvertatsiya qilinadigan qarz vositalari orqali rasmiylashtirgan. Ularni aksiyalarga aylantirish ulushni 23,8 foizgacha oshirishi mumkin edi, biroq kompaniya egalik hajmiga nisbatan amaldagi cheklovni saqlab qoldi. Shu bois bu ehtimoliy koʻrsatkichni uning haqiqiy ulushi deb hisoblab boʻlmaydi.

Google Anthropic aksiyalarining qariyb 13,7 foiziga egalik qiladi. Business Insider bu paketni IPO narxi boʻyicha taxminan $200 mlrd deb baholaydi. Kompaniya IPOga hamroh boʻlgan xususiy joylashtirishda ham ishtirok etmoqda.

Anthropicʼning yetti nafar hammuassisi joylashtirish jarayonida aksiyalarining bir qismini sotganidan keyin jami qariyb 1,67 mlrd dona aksiyani saqlab qoldi. Gap Dario Amodei, Daniela Amodei, Tom Braun, Sem MakKendlish, Kristofer Olah, Jared Kaplan va Jek Klark haqida bormoqda. Nashr bahosiga koʻra, ularning har biriga tegishli paket qiymati taxminan $20 mlrd.

Bu boylikning asosiy qismi aksiyalarda qolmoqda. Qimmatli qogʻozlarni sotishga vaqtinchalik cheklovlar amal qiladi, shuningdek, taʼsischilarning har biri avvalroq Anthropicʼdagi oʻz ulushining 80 foizini xayriya ishlariga yoʻnaltirish majburiyatini olgan.

Venchur investorlar orasida Business Insider Lightspeed Venture Partnersʼni alohida qayd etadi. Nashr manbasining maʼlumotiga koʻra, fond qariyb $3,5 mlrd sarmoya kiritgan va kompaniyaning 2 foizdan sal kam ulushiga egalik qiladi. Joylashtirish narxida uning paketi qariyb $30 mlrd deb baholanadi.

Business Insider suhbatdoshlarining maʼlumotlariga koʻra, Menlo Ventures $1,3 mlrddan koʻproq sarmoya kiritib, aksiyalarning 1,5 foizidan 2 foizigacha boʻlgan ulushini olgan. Xuddi shunday ulush qariyb $6 mlrd sarmoya kiritgan Iconiqʼga tegishli. Singapur davlat investitsiya jamgʻarmasi GIC taxminan $4,5 mlrd sarmoya kiritgan; uning qariyb 1 foiz hajmidagi paketi qiymati taxminan $15 mlrd deb baholanmoqda.

Boshqa yirik investorlar qatorida Coatue, Sound Ventures va Bessemer tilga olingan. Bessemerʼga qariyb 70 mln dona aksiya tegishli boʻlib, ularning $83 lik narxdagi qiymati taxminan $5,8 mlrdni tashkil etadi. Guy Osiri va Eshton Kutcher asos solgan Sound Ventures paketining qiymatini nashr $7 mlrddan koʻproq deb baholaydi.

Anthropic IPOga hamroh boʻlgan xususiy joylashtirish orqali yangi strategik aksiyadorlarga ham ega boʻldi. Unda Google, Nvidia, AMD, Broadcom, Micron, Microsoft va TSMC ishtirok etmoqda. Bu kompaniyalar eʼlon qilgan investitsiyalarning jami hajmi $26 mlrdni tashkil etadi.

Keltirilgan summalar paketlarning baholangan qiymatini ifodalaydi. Ular investorlar olgan foydaga teng emas: foydani aniqlash uchun dastlabki investitsiyalarni, amalda amalga oshirilgan sotuvlarni, cheklovlarni va kotirovkalarning keyinchalik oʻzgarishini hisobga olish kerak.