Tramp Mirziyoyevga Vashingtondagi oʻzbek ayvonchalari uchun minnatdorlik bildirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga AQSh mustaqilligining 250 yilligi uchun oʻzbek ustalari tayyorlagan ikki ayvoncha uchun minnatdorlik bildirdi.

Vashingtonda Oʻzbekistonlik ustalar tayyorlagan ikki oʻyma naqshli ayvoncha ochildi. Tramp Truth Socialʼda ularni prezident vertolyoti Marine One bortidan koʻrganini maʼlum qildi. Marosimda Oʻzbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidikov va AQSh ichki ishlar vaziri Dag Bergam qatnashdi.
Trampning aytishicha, ustalar 200 yillik togʻ yongʻogʻi daraxtlari yogʻochi ustida bir necha oy ishlagan, shu davrda oilalarini Oʻzbekistonda qoldirib, murakkab ob-havo sharoitida mehnat qilgan. AQSh prezidenti ularning mahoratini alohida taʼkidladi.
Ayvonchalar Tidal Basin suv havzasi yoniga oʻrnatildi. U yerdan Jefferson yodgorligi va Vashington monumenti koʻrinadi. Tramp sovgʻani xususiy foydalanishda qoldirmay, hamma uchun ochiq qilishga qaror qilganini aytdi.
Bir yildan keyin ochilishi rejalashtirilgan Qahramonlar milliy bogʻi (National Garden of Heroes) ochilgach, bu hududda diplomatik qabul marosimlari, sakura gullashi festivali paytidagi fotosessiyalar va boshqa tadbirlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Loyiha tashkil etilishida Vashingtondagi Oʻzbekiston elchixonasi va AQSh Milliy bogʻlar xizmati ishtirok etdi.



