Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Issiqxona xoʻjaliklari muammolarini hal etish uchun ishchi guruh tuzildi

Guruh kichik issiqxonalar ekologik talablarga qanday rioya qilishi mumkinligini oʻrganib, tadbirkorlar manfaatlarini hisobga olgan takliflar tayyorlaydi.

22-noyabr, 13:06По-русски

Read in English

Oʻzbekistonda, Toshkent viloyati Qibray tumani Yonariq mahallasida Savdo-sanoat palatasi issiqxona xoʻjaliklari muammolarini joyiga chiqib oʻrganishni tashkil etdi. Unda palata departamenti boshligʻi Sherzod Yuldashev, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi direktorining oʻrinbosari Zafarbek Qayumov hamda tegishli idoralar vakillari qatnashdi.

Bunga gul yetishtirish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarning murojaatlari sabab boʻldi. Ular palatada oʻtkazilgan ochiq muloqotda ekologik talablarga rioya qilish bilan bogʻliq qiyinchiliklar haqida soʻzlab berdi. Joyida ushbu meʼyorlarni kichik issiqxonalarda qoʻllash imkoniyati, biznesga toʻsqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish variantlari muhokama qilindi.

Talablar Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-oktabrdagi 586-son qarori bilan belgilangan. Palata maʼlumotiga koʻra, mahalladagi koʻplab oilalar uchun issiqxona xoʻjaligi asosiy daromad manbai boʻlib qolmoqda. Shu bois ekologik meʼyorlarga rioya qilish bilan birga xoʻjaliklar faoliyati va aholi daromadlarini saqlab qolish ham muhim.

Masalalarni kompleks oʻrganish uchun Milliy qoʻmitaning masʼul xodimlaridan ishchi guruh tuzildi. Hozir u qonunchilik doirasidagi yechimlarni koʻrib chiqib, tadbirkorlar uchun maqbul takliflar ishlab chiqmoqda.