AQSh Tojikiston bilan sogʻliqni saqlash hamkorligiga $78 mln ajratadi
19 noyabr kuni Tojikiston va AQSh sogʻliqni saqlash boʻyicha besh yillik memorandum imzoladi. AQSh OIV va silga qarshi kurash hamda tizimni mustahkamlashga $78 mln ajratadi.

Tojikiston Sogʻliqni saqlash vazirligi 19 noyabr kuni AQSh bilan sogʻliqni saqlash sohasida besh yillik oʻzaro anglashuv memorandumini imzolaganini maʼlum qildi. Amerika mablagʻlari yuqumli kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va ularga javob choralariga ham yoʻnaltiriladi.
Hujjat «Bogʻi Iram» bogʻida oʻtkazilgan marosimda imzolandi. Unda Tojikiston sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya vaziri oʻrinbosari Abduxoliq Amirzoda hamda AQSh davlat kotibining oʻrinbosari, Tinchlik korpusi direktori vazifasini bajaruvchi Kristofer Landau qatnashdi.
Amirzoda kelishuvni ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi qadam deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, kelishuv Tojikistonning milliy salohiyatini rivojlantirish, mamlakatning sogʻliq uchun xavflarni aniqlash va ularga javob berishga tayyorgarligini oshirishga yordam beradi.
Tomonlar, shuningdek, Amerika tashkilotlari va kompaniyalarining Tojikiston sogʻliqni saqlash tizimi bilan hamkorligini kengaytirish masalasini muhokama qildi. Vazirlik maʼlumotiga koʻra, innovatsiyalar va hamkorliklar sifatli tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini oshirishi mumkin.



