Habib Nurmagomedov BAA rasmiylari bilan Usman va hamrohlarini ozod qilishga kelishib oldi
Nashrga koʻra, UFC sobiq chempioni Habib Nurmagomedov BAA rasmiylari bilan Usmanning birodari va hamrohlarini ozod qilishga kelishdi. Merab Dvalishvili ularning ozod boʻlganini tasdiqladi.

Abu-Dabida Usman Nurmagomedov va uning hamrohlari gruziyalik jangchi Merab Dvalishvili bilan bogʻliq hodisa sabab mahalliy rasmiylar tomonidan ushlab turilgach, ozod qilindi. Voqeaning aniq holatlari va ozod etilish tafsilotlari hozircha nomaʼlum.
Avvaliga Usmanning atrofidagilar vaziyatni mustaqil ravishda hal qilishga urindi, keyin esa Habibdan yordam soʻradi. Nurmagomedov UFC rahbari Dana Uayt va amerikalik hamkorlar bilan bogʻlandi, biroq ular BAAda boshqa qonunlar amal qilishini aytdi.
Shuningdek, jangchilar Magomed Ankalaev va Hamzat Chimaev Dvalishviliga bosim oʻtkazib, undan hibsdagilarni ozod qilishni soʻrashga majburlashga uringani haqida xabar berildi. Bu vaziyatni oʻzgartirmadi. Oxir-oqibat, Nurmagomedov mahalliy rasmiylar bilan muzokara oʻtkazish uchun BAAga shaxsan uchib bordi.
Avvalroq Usmanga bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki taxminan 2700 dollar jarima berilishi mumkinligi xabar qilingandi. Bunday jazo BAAning jinoyatlar va jazolar toʻgʻrisidagi Federal qonunining boshqa shaxsga hujum qilishga oid 390-moddasida nazarda tutilgan.



