Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Oʻzbekistonda mahkumlar OTMga kirib, masofadan oʻqishi mumkin boʻladi

2027/2028 oʻquv yilidan boshlab mahkumlar OTMga kirib, toʻlov-kontrakt asosida masofadan oʻqishi mumkin boʻladi.

18-noyabr, 13:06По-русски

Read in English

Oʻzbekistonda 2026-yil 16-noyabr kuni mahkumlarni ozodlikka tayyorlash va ijtimoiylashtirishga oid Prezident qarori qabul qilindi. Hujjat jazoni ijro etish muassasalarida kasbiy va oliy taʼlimni kengaytirishni nazarda tutadi.

2027/2028 oʻquv yiliga qadar koloniyalarda 310 ta oʻquv kabineti va amaliy mashgʻulotlar uchun 420 ta xona tashkil etish rejalashtirilmoqda. 2030-yilgacha mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kamida 50 ta kasb boʻyicha taʼlim dasturlari joriy etilishi kerak.

Har yili kamida 15–20 ming nafar mahkum kasbiy taʼlim oladi. Qarorning maqsadlaridan biri mahkumlarni talab yuqori boʻlgan ishlarga tayyorlash orqali takroriy jinoyatchilikni 30 foizga qisqartirishdan iborat.

«Yangi hayot» dasturi doirasida OTMga kirgan mahkumlar uchun videokonferensaloqa uskunalari bilan jihozlangan xonalar ajratiladi. Bu ularga koloniyalarda masofaviy taʼlim olish imkonini beradi.

Yosh mahkumlar orasidan yoshlar faollari tanlab olinadi. Ularga har chorakda 3 BRV — 1,32 mln soʻm miqdorida pul mukofoti berish rejalashtirilgan. Shuningdek, barcha koloniyalarda «Yosh kitobxon» masofaviy tanlovi tashkil etiladi, kutubxonalarda esa «Mutolaa» platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.